Jahon | 21:31 / 11.08.2020
11105
2 daqiqa o‘qiladi

Litva Tixanovskayaga bir yillik viza berdi

Belarus prezidenti lavozimiga nomzodlardan biri bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya o‘z shtabi boshlig‘i bilan birga 10 avgust kechki vaqt Belarusdan chiqib ketgan. Keyinroq u Belarusdagi norozilik namoyishlarini to‘xtatishga chaqirgan.

Foto: Tut.by

Ta'kidlanishicha, Tixanovskaya Litvaga ketgan. Litva tashqi ishlar vaziri Linas Linkyavichyusning ma'lum qilishicha, rasmiy Vilnyus Tixanovskayaga bir yillik viza bergan. 

Linkyavichyusning ta'kidlashicha, Tixanovskaya Belarusda ozodlikdan mahrum etilishi xavfi yuzaga kelgani sababli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. 

Tixanovskaya bilan birga Litvaga uning saylovoldi shtabi rahbari Mariya Moroz ketgan.

Bu orada Avstriyaning “Yashillar” partiyasi Tixanovskayani Avstriyaga chaqirgan. Bu haqda Avstriya milliy kengashi (parlamentning quyi palatasi) deputati ma'lum qilgan. Partiyaning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha spikeri Eva Ernst-Dzidzichning ta'kidlashicha, oxirgi kunlarda Belarusda yuz berayotgan voqealar Aleksandr Lukashenkoning prezident sifatidagi kunlari poyoniga yetganini ko‘rsatgan, chunki hech kim o‘z xalqi istagiga qarshi hokimiyat tepasida buncha uzoq qololmaydi.

“Men Belarus prezidentini o‘z davlati farovonligi haqida o‘ylashga va namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llashdan tiyilishga chaqiraman. Bu joriy vaziyatning yanada yomonlashishi oldini olishning yagona yo‘lidir”, deb aytgan Ernst-Dzidzich.

11 avgust ertalab Tixanovskaya Litvaga jo‘nab ketgani va videomurojaat yozgani ma'lum bo‘lgan. U videomurojaatida qiyin tanlov oldida qolgani va “hayotidagi eng muhim narsa - bu farzandlari” ekanini ma'lum qilgan. Tixanovskayaning shtabida unda tanlash imkoniyati bo‘lmagani, Litvaga esa uni Belarus rasmiy idoralari olib chiqib ketgani ma'lum qilingan. Bundan avvalroq shtab Tixanovskayaning markaziy saylov komissiyasiga tashrifdan keyin g‘oyib bo‘lganini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid