Jahon | 10:38 / 12.08.2020
5468
2 daqiqa o‘qiladi

Minskda mobil aloqa va internet tiklandi

Belarus poytaxti Minsk shahrida 9 avgustdan beri ishlamayotgan mobil aloqa va internet qayta tiklandi.

Foto: Jedrzej Nowicki / Agencja Gazeta/via REUTERS

RIA Novosti xabariga ko‘ra, ertalab soat 6:50dan boshlab barcha ommabop ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar bir vaqtning o‘zida ishlab ketgan. 

9 avgust kuni o‘tkazilgan prezident saylovida Belarus bo‘ylab internet tarmog‘i ishida va turli resurslardan foydalanishda muammolar kuzatilgan edi. Keyinchalik prezident Aleksandr Lukashenko xorij davlatlarini mamlakatdagi internetni o‘chirib qo‘yganlikda aybladi. 

«Kimdir aholini ko‘chaga chiqishga chaqirmoqda. Hatto xorijdan turib internetni o‘chirishyapti, odamlar orasida norozilik keltirib chiqarishyapti. Hozir mutaxassislarimiz bu muammo bilan shug‘ullanishmoqda. Agar internet yomon ishlayotgan bo‘lsa, bu bizning tashabbus emas, xorijniki», — dedi Lukashenko.

Belarusda 9 avgustda o‘tkazilgan prezident saylovi natijalaridan norozi bo‘lgan odamlar va kuchishlatar idoralar xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 3 kundan beri davom etmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko 80 foizdan ortiq, muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya esa 10 foizdan ortiq ovoz to‘plagan.

To‘qnashuvlar paytida maxsus texnika, suvpurkagichlar, nurshovqinli granatalar, rezina o‘qlar qo‘llanmoqda, militsiya va harbiylar namoyishchilarni tarqatishda ishtirok etmoqda.

Mavzuga oid