Fan-texnika | 23:09 / 12.08.2020
8308
2 daqiqa o‘qiladi

Xiaomi dunyodagi ilk shaffof televizorni sotuvga chiqaradi

Foto: gsmarena.com

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi dunyodagi seriyali ishlab chiqariluvchi ilk shaffof televizor - Xiaomi Mi TV LUX OLED Transparent Edition’ni taqdim qildi. Televizor 55 dyuymli displeyga ega bo‘lib, narxi 7,2 ming dollarni tashkil qiladi

Displey qalinligi bor-yo‘g‘i 5,7 mmni tashkil qiladi. Televizorda protsessor sifatida Xiaomi uchun maxsus tayyorlangan MediaTek 9650 o‘rnatilgan.

Yangi televizorda TOLED-displeylar texnologiyasi qo‘llangan. Bunday ekranlarda shaffof komponentlar qo‘llanib, diodlarga orqadan yorug‘lanish talab etilmaydi. Shu sababli televizordagi tasvir go‘yoki havoda suzayotgandek ko‘rinadi.

Televizor Always On Display funksiyasiga ega bo‘lib, uning evaziga zarur axborot ekranda televizor o‘chiq holatda bo‘lganda ham aks etadi.

Televizor mutlaq shaffofligi sababli o‘chiq holatda oddiy oynaga o‘xshaydi.  

 

Ta'kidlanishicha, ushbu qurilma rasman dunyodagi ilk shaffof televizor hisoblanmaydi, chunki avvalroq Panasonic, LG va Samsung bunday televizor konseptlarini taqdim qilgan. Biroq ular konseptligicha qolib ketgan.   

Xiaomi’ning yangi televizorini esa istagan odam sotib olishi mumkin. U Xitoyda 16 avgustdan sotuvga chiqariladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid