Jahon | 17:46 / 13.08.2020
10261
3 daqiqa o‘qiladi

Belarus korxonalarida ommaviy mitinglar o‘tkazilmoqda

Belarus korxonalarida mamlakatdagi so‘nggi voqealar ortidan mitinglar to‘lqini ko‘tarildi.

Foto: AFP

Odamlar namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilishi, noqonuniy hibslar va saylov natijalarining qalbakilashtirilishiga norozilik bildirishmoqda.

Turli OAV xabariga ko‘ra, Minskda «Belmedpreparat», «Keramin» va turli qurilish kompaniyalari xodimlari yig‘ilish o‘tkazishmoqda.

«Keramin»da 400ga yaqin xodim, jumladan sex boshliqlari va marketing bo‘limi rahbariyati norozilik namoyishini o‘tkazishgan.

Telegram-kanallar «MAZ» zavodidagi miting videolarini tarqatishmoqda.

Shaharning 2ta shifoxonasi tibbiyot xodimlari, stomatologiya poliklinikasi shifokorlari zo‘ravonlikka qarshi miting o‘tkazishgan. Tez yordam xodimlari ham namoyishga chiqmoqchi bo‘lib turishibdi.

Mamlakatning yirik qurilish kompaniyalaridan biri MAPID ishchilari ham zavod oldida yig‘ilish o‘tkazishgan. 

Ertalab soat 11da «Belteleradiokompaniya» binosi oldida oq libos kiygan ayollar gullar va plakatlar bilan to‘planishgan. Shu atrofga yaqin joyda ishlayotgan quruvchilar ham ularning aksiyasiga qo‘shilishgan.

Belarus davlat filarmoniyasi xodimlari ham norozilik namoyishiga chiqib, mamlakatning norasmiy madhiyasi hisoblanadigan «Magutni Boja» qo‘shig‘ini kuylashgan. Milliy san'at muzeyi oldida ham odamlar to‘planib, miting o‘tkazishmoqda. ONT davlat telekanali oldida ham namoyishchilar to‘planishgan.

Avvalroq «BelAZ», «Minskpromstroy» va «Grodnojilstroy» korxonalarida ham mitinglar o‘tkazilgan edi. «BelAZ» rahbariyati kollektiv bilan mamlakatdagi voqealarni muhokama qilgani, bu norozilik namoyishi emasligi haqida bayonot bergan edi.

Belarus muxolifati ham ommaviy ish tashlashga chaqirmoqda. 

9 avgust kuni o‘tkazilgan prezident saylovining rasmiy natijalari e'lon qilingach, mamlakatning o‘nlab shaharlarida norozilik aksiyalari boshlanib ketdi. Namoyishchilar militsiya bilan to‘qnashmoqda, ishtirokchilar hibsga olinyapti. Kunduz kuni esa belarusliklar gullar bilan tinch aksiya o‘tkazib, «birdamlik zanjiri»ni hosil qilishmoqda.

Mavzuga oid