Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belarus prezidenti saylovi natijalari e'lon qilindi, muxolifat uni tan olmadi
Belarusning amaldagi prezidenti Aleksandr Lukashenko 9 avgust kuni o‘tkazilgan saylovda g‘olib bo‘ldi.
Bu haqdagi xabar Markaziy saylov komissiyasi (MSK) saytida e'lon qilindi.
«14 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining Belarus prezidenti saylovi natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi. Komissiya saylov natijalarini tasdiqlash haqida qaror qabul qildi. Belarus Respublikasi prezidenti sifatida Aleksandr Grigorevich Lukashenko saylandi», – deyiladi xabarda.
Komissiya ma'lumotiga ko‘ra, Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagan, uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskayaga 10,12 foiz saylovchi ovoz bergan. Boshqa nomzodlarga berilgan ovozlar quyidagicha taqsimlangan: Andrey Dmitriyev – 1,21 foiz, Anna Kanopatskaya – 1,68 foiz, Sergey Cherechen – 1,14 foiz, barchaga qarshi – 4,59 foiz.
O‘z navbatida MSK prezidentlikka nomzodlarning saylov natijalarini tan olmaslik haqidagi barcha shikoyatlarini rad qildi.
Komissiya Svetlana Tixanovskaya, Andrey Dmitriyev va Anna Kanopatskaya tomonidan berilgan shikoyatlarni o‘rganib, keltirilgan faktlarda ovoz berish natijalarini bekor qilishga asos topmagan.
Sergey Cherechenning shikoyati MSKga yetib bormagan. U «prezidentlikka nomzodlar MSK binosiga kirib, keyin qaytib chiqmagan holatlarni ko‘rgani tufayli» shikoyat xatini o‘z vakillari orqali berib yuborgan. Ammo ular MSK binosiga kiritilmagan va ularga xatni pochta orqali yuborish shartligi aytilgan.
Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskayaning shtabi saylovning rasmiy natijalarini tan olishdan bosh tortdi.
«Natijalar haqiqatdan yiroqdir», - deb ta'kidladi siyosatchining matbuot kotibi Anna Krasulina.
Avvalroq, Tixanovskaya saylovning rasmiy natijalarini tan olmasligi haqida MSKga birinchi bo‘lib shikoyat yo‘llagan edi. Muxolifat shtabi vakillari mustaqil ravishda to‘plangan ma'lumotlar Tixanovskayaning saylovda 70-80 foiz ovoz olgani va uning g‘olib chiqqanini ko‘rsatayotganini ta'kidlashmoqda.
Belarusda 6 kundan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda. Fuqarolar prezident saylovining rasmiy natijalariga qarshi chiqishmoqda. Ular va kuchishlatar idoralari xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuzaga kelyapti. Mamlakatning yirik sanoat korxonalari ishchilari ish tashlash orqali namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Davlat OAV xodimlari va amaldorlari norozilik tariqasida ishdan bo‘shab ketishmoqda.
Muxolifat namoyishlardagi zo‘ravonliklarga barham berish, tinch namoyishlar va aksiyalarda qo‘lga olingan sisyosiy mahkumlar va fuqarolarni ozod qilishni, prezident saylovini adolatli o‘tkazishni talab qilishmoqda.
Mavzuga oid
20:28 / 07.05.2025
Lukashenko 8 ming mahkumga amnistiya qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
22:19 / 25.04.2025
Lukashenko Polsha va Litvani migrantlar sabab xavotirga tushmaslikka chaqirdi
18:00 / 25.03.2025
Dunyoning yarmi Belarusdagi kabi diktaturani orzu qiladi – Lukashenko
17:25 / 25.03.2025