Jahon | 22:53 / 15.08.2020
6698
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Moskvada uyi borligi haqidagi ma'lumotlar yolg‘onligini aytdi

«Minskaya Semiboyarshchina» Telegram-kanalining yozishicha, Belarus prezidentining Balashixa shahrida uyi bor. Uning maydoni 2572 kvadrat metr bo‘lib, Lukashenko bu uyni 27 mln dollarga sotib olgan.

Foto: AP

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Moskvada uyi borligini rad etdi. BelTA agentligi uning so‘zlarini keltirmoqda.

«Moskvada mening uyimni topishibdi. Omma oldida aytmoqchiman: topgan bo‘lsangiz uni olib qo‘ying. Belarusda qishloqdagi rasmiy qarorgohimdan boshqa ko‘chmas mulkim yo‘q. Yo‘q, bular yolg‘onlarni boshlashdi» — dedi Aleksandr Lukashenko.

Lukashenko shuningdek, uning Belarusni tark etishga uringani to‘g‘risidagi xabarni ham yolg‘on deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqda «yomon kayfiyat» uyg‘otish uchun mana shunday xabarlar tarqatilmoqda.

Moskvada Aleksandr Lukashenkoning uyi borligi to‘g‘risida «VChK-OGPU» Telegram-kanali ma'lum qilgandi. Qayd etilishicha, Lukashenko Moskvaga tashrifi vaqtida «Vorobevi gori»dagi koshonada turgan. Bu yerda bir nechta bino bo‘lib, ulardan biri go‘yoki Lukashenkoniki.

«Minskaya Semiboyarshchina» Telegram-kanalining yozishicha esa, Belarus prezidentining Balashixa shahrida uyi bor. Uning maydoni 2572 kvadrat metr bo‘lib, Lukashenko bu uyni 27 mln dollarga sotib olgan.

Belarusda 9 avgust kuni prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozondi. Saylov o‘tganidan buyon respublikada norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid