Jahon | 15:33 / 19.08.2020
9233
2 daqiqa o‘qiladi

Tixanovskaya Yevrokengashni Lukashenkoning g‘alabasini tan olmaslikka chaqirdi

Svetlana Tixanovskayaning so‘zlariga ko‘ra, 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylov na adolatli, na shaffof bo‘ldi, uning natijalari soxtalashtirildi.

Foto: Picture Alliance

Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya Yevropa kengashini mamlakatda 9 avgust kuni o‘tkazilgan saylovning rasmiy natijalarini tan olmaslikka chaqirdi.

"Men bu tovlamachilik saylovini tan olmaslikka chaqiraman. Lukashenko xalqimiz va dunyo ko‘z oldida qonuniyligini yo‘qotib bo‘ldi", - dedi Tixanovskaya Yevrokengashga videomurojaatida.

 Svetlana Tixanovskayaning so‘zlariga ko‘ra, 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylov na adolatli, na shaffof bo‘ldi, uning natijalari soxtalashtirildi, o‘z tanlovini himoya qilish uchun ko‘chalarga chiqqan odamlar esa qattiq kaltaklandi, qamoqqa tashlandi va hukumatga mahkam yopishib olgan rejim tomonidan qiynoqqa solindi. 

 Svetlana Tixanovskaya tinch muloqot orqali hokimiyatning topshirilish jarayonini boshqaruvchi muvofiqlashtiruvchi kengash uning tashabbusi bilan tuzilganini aytdi.

"Sizlarni Belarusning uyg‘onishini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman. Barcha mamlakatlarni xalqaro huquq tamoyillarini hurmat qilishga chaqiraman. Belarus suvereniteti va belarus xalqi tanlovini hurmat qilishga chaqiraman", - dedi Tixanovskaya.

Yevropa kengashi 19 avgust kuni Belarusga nisbatan nuqtai nazarini ishlab chiqish uchun navbatdan tashqari videosammit o‘tkazadi.

Mavzuga oid