O‘zbekiston | 14:36 / 26.08.2020
3755
2 daqiqa o‘qiladi

Maktablarning to‘rtdan bir qismiga ichimlik suvi tashib keltiriladi - vazir

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan brifingda maktablarda ichimlik suvi masalasi qanday hal qilinayotgani haqida ma'lumot berdi.

«So‘nggi 2 yilda mingga yaqin maktabning suv holati yaxshilangan. Lekin hozirning o‘zida ham maktablarning deyarli to‘rtdan biriga suv tashib keltiriladi. Ya'ni ularda markazlashgan suv yo‘q. Masalan, hozir Toshkent shahridagi istalgan maktabga borilsa, markazlashgan suv keladi.

Viloyatlarda esa markazlashgan suv ko‘pchilik qishloqlarga yetib bormagan. Qishloqqa bormagandan so‘ng o‘sha hududdagi maktabda ham markazlashgan suv bo‘lmaydi. Shuning uchun hozir hududdagi maktablarda imkoniyatlar hisobga olingan holda artezian orqali yoki boshqa yo‘l bilan suv chiqarish orqali hal qilinmoqda. Yoki ayrim hududlarda suv tashib keltiruvchi tashkilotlar bilan shartnoma qilinmoqda», dedi vazir matbuot anjumanida.

Uning aytishicha, oldin maktablarga faqat ichish uchun yetarli darajada suv zaxirasi shakllantirilgan bo‘lsa, hozir hamma hokimiyatlarga qo‘l yuvish uchun ham yetarli suv bo‘lishini ta'minlash topshirig‘i berilgan. Buni hokimliklar o‘z zimmasiga olgan.

Shuningdek, vazir 11 yillik o‘quv tizimiga o‘tilishi bilan erishilgan ijobiy o‘zgarishlar haqida ma'lum qildi.

«11 yillik tizimga o‘tilishi bilan kuzatilgan 2ta ijobiy tajribani sanasa bo‘ladi. Birinchidan, ham maktab, ham kollej bolalari o‘rtasida jinoyatchilik holatlari 2,5 baravarga kamaydi. Yoshlar orasidagi jinoyatchilik deganda ular maktabga kelib sodir etadigan jinoyat emas, maktabdan tashqarida sodir etilayotgan jinoyat nazarda tutilmoqda.

Ikkinchidan, erta tug‘ruq holatlari 34 foizga kamaydi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Жамшид Зиёхонов
Tayyorlagan Жамшид Зиёхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid