Jahon | 00:30 / 27.08.2020
29241
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng kuchli bombaning sinovlari videosi e'lon qilindi

Foto: Rosatom

Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasining YouTube’dagi kanalida dunyodagi eng kuchli bomba - RDS-220 yadro bombasining (Shoh-bomba) portlashi videosi e'lon qilindi. Kuchi trotil ekvivalentida 50 mln tonnani tashkil qilgan bomba 1961 yilda sobiq ittifoq tomonidan sinalgan. 

“Shoh-bomba” sinovlari haqidagi hujjatli film Rossiya yadro sanoatining 75 yilligi munosabati bilan e'lon qilindi. Videoning ilk 30 daqiqasida bombaning yaratilishi va uning sinovga tayyorlanishi tarixi haqida so‘zlanadi.

Bombaning uzunligi deyarli 8 metrni, diametri esa 2 metrdan ko‘proqni tashkil qilgan. Uni belgilangan manzilga olib borish uchun Tu-95V bombardimonchi samolyotidan bir nechta yonilg‘i baklarini hamda bomba bo‘lmalari lyuklarini olib tashlashga to‘g‘ri kelgan.

Bomba sinovlari uchun joy sifatida Shimoliy muz okeanida joylashgan Shimoliy (Severnyy) oroli tanlangan. Bombaning o‘zi esa dengiz sathidan 4 km balandlikda portlatilgan. 

Portlash vaqtida bombardimonchi samolyot portlash markazidan 120 km uzoqlikda bo‘lgan bo‘lsa-da, portlash to‘lqini unga “yetib olgan”. Buning natijasida samolyot havoda aylanib ketgan, biroq uchuvchi uni o‘nglab, qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan. 

Portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, uning natijasida 8 km diametrga ega olov shar hosil bo‘lgan. U ming kilometr uzoqlikdan ko‘ringan. Portlashdan hosil bo‘lgan qo‘ziqorinsimon bulut esa 8 ta Everest tog‘i balandligiga – deyarli 68 kmga ko‘tarilgan, Norvegiya va Finlyandiyadagi uylarning oynalari chil-chil bo‘lgan.

Oxir-oqibat “Shoh-bomba” nobop qurolga chiqarilgan, chunki uni qo‘llash natijasida faqatgina hech kimga kerakmas cho‘l-biyobon qolgan bo‘lardi.

Mavzuga oid