Jahon | 15:35 / 31.08.2020
11942
2 daqiqa o‘qiladi

Litva prezidenti Lukashenkoga qarshi sanksiyalar kiritilishini e'lon qildi

Gitanas Nausedaning so‘zlariga ko‘ra, Boltiq mamlakatlari hududiga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga 30ga yaqin kishi, jumladan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko kiritiladi.

Foto: TASS

Litva, Latviya va Estoniya Belarusdagi prezident saylovi natijalarini soxtalashtirishga aloqador deb hisoblangan amaldorlarga qarshi sanksiyalar joriy etilishi haqida e'lon qiladi. Bu haqda Litva prezidenti Gitanas Nauseda ma'lum qildi.

Nausedaning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi uch mamlakat hududiga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga 30ga yaqin kishi, jumladan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko kiritiladi, deb xabar bermoqda Reuters.

Litva prezidentining qayd etishicha, kelgusida bu ro‘yxat kengaytirilishi mumkin.

27 avgust kuni Estoniya hukumati Belarusdagi saylov natijalarini soxtalashtirish, namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonliklarga aloqador shaxslar uchun mamlakat chegaralarini yopish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Ammo o‘shanda shaxslar ro‘yxati e'lon qilinmagandi.

28 avgust kuni Lukashenko hukumatga «Litva portlaridagi barcha savdo oqimlarini boshqa portlarga ko‘chirish bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘ini berganini» aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Litva budjetining 30 foizi Belarus yuk tashuvlari hisobiga shakllanadi.

Mavzuga oid