Jamiyat | 13:48 / 31.08.2020
21111
5 daqiqa o‘qiladi

«Temir daftar»dagi ayol endi boshqa ehtiyojmandlarga ish beryapti

«Temir daftar». Navoiy shahrining «temir daftari»ni varaqlash oson kechmadi. Ochig‘i, pandemiya davrida yoki bir muddat oldin mushkul sharoitga tushib qolgan xotin-qizlar, og‘ir xastalikka chalingan insonlar bilan muloqot davomida ayrimlarida umid ko‘rdik, ayrimlarida esa yo‘q...

Endi qo‘rqmayapman, o‘zimga ishondim

Olima Abdiyeva Navoiy shahriga Buxorodan kelin bo‘lib tushgan. Kelinlik uyda bir necha xo‘jalik yashashgani va oilaning daromadi bo‘lmagani sababli «Temir daftar»ga kiritilgan.

Olimaning o‘zida tikuvchilikka uquv va rag‘bat bo‘lgani sababli shahar hokimligidan ko‘mak so‘raydi. U nafaqat o‘zi mehnat qilib daromad topishi, balki yana uch-to‘rt kambag‘al oilada istiqomat qilayotgan xotin-qizlarni ham ishlatishi mumkinligini aytadi.

«Menga hokimlik yordam berdi, tez orada olti oylik imtiyoz bilan 24 million so‘m kredit ajratildi. Mana, chog‘roqqina bo‘lsa ham xonani ijaraga oldik, mahalladan qizlar ish so‘rab kelishyapti. Hozircha ularga ozroq bo‘lsa-da, daromad qilishlari, shuning barobarida maxsus kursda o‘qishlari uchun harakat qilyapman. Nasib etsa, endi o‘zimizni tutib olamiz. Ishlamagan, harakat qilmagan odam og‘ir sharoitga tushib qolarkan. Endi qo‘rqmayapman, shu ishimiz ortidan uy, mashina olishimizga, yana ko‘pchilikning ro‘zg‘orini obod qilishimizga ishonyapman» deydi Olima Abdiyeva.

Tikuv mashinasi har doim ham chora emas

Munira opaga oson bo‘lmayapti. Bu oila «Temir daftar»ga kirgan. Ya'ni, ehtiyojmand va nochor ahvolda. Turmush o‘rtog‘i haydovchilik qilgan, biroq karantin davrida butunlay daromadini yo‘qotgan. Qizi hali yosh, qo‘lidan kelgan mehnatni qilib, oilasiga ko‘maklashmoqda.

Munira opa uchun aslida kambag‘allik qo‘rqinchli emasdi. Uning o‘g‘li uch yilki og‘ir betob, oqqon kasalligiga chalingan.

«Karantin davrida oziq-ovqat mahsulotlaridan qiynalganimiz yo‘q. Tez-tez mahalla va homiylar tomonidan yordam berib turildi. Juda iymandim, uyalib ham qoldim. Bunga o‘rganmaganman. O‘g‘lim kasal bo‘lguncha ishlardim, hozir uni tashlab ketolmayapman. Farzandimni davolatish uchun uyimizni ham sotmoqchi bo‘ldik. Rosti, hokimlik tashabbus qilib tikuv mashinasi olib berdi. Minnatdorman. Qo‘limdan kelgunicha qo‘ni-qo‘shnilarga ko‘rpa-ko‘rpacha tikib beryapman. Lekin hozirgi sharoitda bunga unchalik talab yo‘q», deydi Munira opa.

Ochig‘i, bu ayol gapirarkan, kimdandir nolimadi, kimnidir ayblamadi. Faqat yig‘ladi, yig‘layverdi. Qayta-qayta mahalladan ham, hokimiyatdan ham roziman, dedi. Biroq, tushundikki, tikuv mashinasi hamma oila uchun ham kambag‘allikdan chiqish yo‘li emas. U davlat ishida ishlagan, tikuvchi bo‘lmagan. Qolaversa, onaning eng katta dardi bugun farzandining holati.

***

O‘rganish davomida amin bo‘ldikki, aksariyat oilalar pul ko‘rinishida moddiy yordam olganidan mamnun. Bu yordamlar oila sharoitini vaqtincha yaxshilaydi. Doimiy ishi bo‘lmagan oila kambag‘allik ro‘yxatida qolaveradi. Shuningdek, hamma ham tikuvchi yoki tadbirkor bo‘lolmaydi. Eng zamonaviy tikuv mashinani ham chang bosib yotishi mumkin. Kimdir nasldor jo‘jani parvarishlab, uni kimga sotishni bilmasligi yoki «oyoqqa turib ketmasligi» ham tabiiy. Demak, hamma kambag‘al oilaga ham bir xil imtiyoz berib, sharoitini yaxshilab bo‘lmaydi. Odamlarga qo‘lidan keladigan ish u yashayotgan manzil va sharoitga qarab belgilansa, kambag‘allikdan tezroq qutulgan bo‘lardi.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, Navoiy viloyatida 19 362 ro‘zg‘or kambag‘al oila sifatida «Temir daftar»ga kiritilgan. Hozirga qadar 10 243 ta oila kambag‘allik ro‘yxatidan chiqarilgan. Xususan, Navoiy shahrida ham 1 411 ta oila «Temir daftar»ga kirtilgan bo‘lib, bugungi kunda kambag‘allik ro‘yxatida 614 ta oila qolgan. Navoiy shahrining o‘zida «Temir daftar»dagi oilalarga 1 milliard 740 million so‘mlik yordam ko‘rsatilgan.

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid