Jahon | 11:54 / 01.09.2020
8160
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Bayden g‘alaba qozonsa AQShda “inqilob” yuz berishidan ogohlantirdi

AQSh prezidenti saylovlariga Demokratik partiyadan nomzod Jo Bayden noyabrda o‘tadigan saylovlarda g‘alaba qozonsa, hokimiyat tepasiga “so‘l radikallar” keladi va mamlakatda “inqilob” yuz beradi. Bunday fikrni AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi

“Agar Bayden kelsa, ular hokimiyatni qo‘lga oladilar. Uni xuddi qo‘g‘irchoqdek boshqarishadi”, deb aytgan Tramp.

Tramp Baydenni kim nazorat qilishiga oydinlik kiritmagan. Bundan tashqari, AQSh prezidenti uning xodimlari ommaviy tartibsizliklar uyushtirayotganlar bilan ixtilofga kirishishni istamayotganini ta'kidlab o‘tgan.  

“Men ularni huquq-tartibot idoralariga qoldiraman”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp.

AQShda yoz boshidan beri politsiya zo‘ravonligi va irqchilikka qarshi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar to‘xtamayapti. Avvalroq Tramp bu tartibsizliklarni to‘xtatishning yagona yo‘li kuch qo‘llash ekanligini aytgan.

O‘z navbatida, Trampning siyosiy raqibi Jo Bayden nutqlaridan birida tartibsizliklar AQSh prezidenti sababli to‘xtamayotganini aytgan. U Pitsburgdagi tarafdorlari namoyishida Tramp o‘z xatti-harakatlari bilan vaziyatni yaxshilashga yordam berish o‘rniga, uni faqatgina chigallashtirayotganini aytgan. Umuman olganda, Bayden tartibsizliklarni qoralab, ularni qonunsizlikning namoyon bo‘lishi deb atagan hamda tartibsizliklar ishtirokchilari jinoiy javobgarlikka tortilishlari kerakligini ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid