O‘zbekiston | 09:11 / 02.09.2020
15422
2 daqiqa o‘qiladi

Ekran ostida yashirilgan kameraga ega dunyodagi birinchi smartfon taqdim etildi

Xitoyning ZTE kompaniyasi Axon 20 5G smartfonini taqdim etdi. E'tiborlisi, qurilma displey ostida joylashgan old kameraga ega dunyodagi birinchi seriyali smartfon hisoblanadi. 

Bir necha yil avval ba'zi kompaniyalar, jumladan ZTE kamerani ekran ostiga joylashtirishga imkon beruvchi texnologiyani ishlab chiqishga kirishgan, biroq hanuzgacha bunday kamerali smartfonning faqat prototiplarini ishlab chiqish bilan cheklanib qolingan.

ZTE Axon 20 5G smartfoni 6,92-dyuymli FullHD+ OLED-displeyi bilan jihozlanadi. Ekran ostidagi kamera ekranning yuqori qismi markazida joylashgan. Kompaniyada ta'kidlanishicha, bunday “ko‘rinmas” kamerani bir nechta texnologiyalar va maxsus dastur yaratishga imkon berdi. 

Smartfon ekrani 7 ta turli qatlamdan, jumladan, himoyalovchi oyna, polyarizator, germetik oyna, katod, OLED, matritsa va oyna-taglikdan iborat.

Smartfonning boshqa ko‘rsatkichlariga kelsak, u 5G tarmoqni qo‘llab-quvvatlovchi Qualcomm Snapdragon 765G protsessori, 6 Gb yoki 8 Gb tezkor xotira hamda 128 yoki 256 Gb asosiy xotira bilan jihozlanadi. Smartfonning asosiy kamerasi 4 ta moduldan iborat. Qurilma 4220 mA-soatli batareyada ishlaydi.

Ma'lum qilinishicha, yangi qurilma 10 sentyabrdan faqatgina Xitoyda sotuvga chiqariladi. Uning narxi qanday hamjdagi xotira bilan jihozlanishiga bog‘liq holda 322 dollardan 410 dollargacha turadi. 

Bu ZTE kompaniyasi foydalanuvchilarni birinchi marta o‘zining antiqa ishlanmalari bilan xursand etishi emas. Bundan oldin kompaniya bosish kuchiga ta'sirchan dunyodagi birinchi displeyni, maxsus ko‘zoynaklar qo‘llashni talab qilmaydigan uch o‘lchovli tasvirga ega birinchi ekranni hamda ikki ekranli ilk bukiluvchi smartfonni taqdim etgan. 

Mavzuga oid