Jamiyat | 18:38 / 04.09.2020
8810
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy telekanali ochilganiga 4 yil to‘ldi

Bugun, 4 sentabr kuni O‘zbekistondagi xususiy telekanallardan biri – MILLIY telekanali faoliyat boshlaganiga 4 yil to‘ldi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov MTV ochilishida bevosita ishtirok etgani haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, kanal ochilgan paytda ijodiy jamoa bor-yo‘g‘i taxminan 20 kishidan iborat bo‘lgan.

«Oh, o‘sha hayajonlik damlar! Ishonasizmi-yo‘qmi, ushbu kanal ishini 20 nafarcha odam bilan boshlaganmiz. Bular – Yulduz Hoshimova, Akrom va Qahramon Mahkamovlar, Bahodir Qosimov, Baxtiyor Inog‘omov, Shuhrat Rasulov, Deyl Ahmadi, Sunnatilla Qo‘ziyev, Jasur-dangasa Shametov, Pasha Kim, Sarvar Pulatov, Munis Toshmatova, Botir va O‘tkir Muhammadxo‘jayevlar, Hasan va Husan Salihovlar, Sevdo Niyozova, Ayub Shahobiddinov, Shuhrat Jalilov, Sergey Kim.

Erta tongdan «Assalom» qo‘shig‘i bilan «Shirchoy» dasturi, kechki «MTV shou», chiroyli milliy liboslarda o‘zbek ayollari roliklari, «Holva», «Lazzat oshxonasi», «Otalar so‘zi» kabi yuzlab loyihalarni amalga oshirdik.

Eng baxtli damlarim edi o‘sha paytlar! Chunki ichimdan qaynab chiqayotgan g‘oyalarimni amalga oshirishdan meni hech kim va hech nima to‘xtatib qololmasdi. Menda o‘zbek xalqining urf-odatlari, marosim-tadbirlari, o‘zbek millatining haqiqiy qadriyatlari, turmush tarzini ko‘rsatib berish imkoni bor edi.

Bugun telekanal 4 yoshga to‘ldi. Bu davrda u o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Muxlisini topdi. Fayz va sifatni ushlashga harakat qildi, bachkanalikdan qochdi. Eng nufuzli 8 tonnalik osh va «O‘zbegim» kitobi loyihalarini amalga oshirib, o‘zbek oshini Ginnes rekordlari kitobiga kiritgan ham MILLIY telekanali bo‘ldi.

Kanal barcha o‘zbek shou biznes vakillarining maydoniga aylandi. Yillar davomida qat'iy taqiqda bo‘lgan mashhurlar – Sherali Jo‘rayev, Obid Asomov, Yulduz Usmonova, Ozoda Nursaidovalar faoliyatlarini qayta tiklashlari va yangi davrdagi birinchi chiqishlari ham aynan MILLIY telekanalida bo‘ldi.

Gapirsa, gap ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda, tug‘ilgan kun muborak! Ilohim, ko‘z tegmasin bu kanalga. Yashnayversin bu kanal! Umri va faoliyati uzun bo‘lsin! Bayram muborak, hamkasblarim!» – deya telekanal jamoasini tabrikladi Komil Allamjonov.

Mass-media fondi rahbari o‘z tabrigiga efirning dastlabki soniyalaridagi jamoa quvonchi aks etgan videoni ilova qildi.

Ma'lumot uchun, Milliy TV — nodavlat musiqiy-ko‘ngilochar va ma'rifiy kanal sanaladi. Telekanal efir vaqtining 70 foizi o‘zbek tilida, 30 foizi rus tilidagi dasturlardan iborat. 2017 yil 1 yanvaridan kanal o‘z ko‘rsatuvlarini tun-u kun efirga uzata boshlagan.

Mavzuga oid