Jamiyat | 17:22 / 06.09.2020
21074
4 daqiqa o‘qiladi

SSV: Koronavirusga chalinganlarning aksar qismi 30-50 yoshlilar

6 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Covid-19 infeksiyasi qayd etilganlar 43 ming 476 nafar (17 ming 751 nafari ayollar, 25 ming 725 nafari erkaklar), shundan 40 ming 880 nafari (94 foizi) sog‘aygan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasi aniqlanganlarning yosh ko‘rsatkichlari ma'lumotlarni keltirdi. Unga ko‘ra, virusga chalinganlarning 45,3 foizi 30-50 yoshlilar hisoblanadi.

  • 12 173 nafari (28 foiz) 30-39 yosh;
  • 10 304 nafari (23,7 foiz) 20-29 yosh;
  • 7 521 nafari (17,3 foiz) 40-49 yosh; 
  • 5 347 nafari(12,3 foiz) 50-59 yosh;
  • 2 652 nafari (6,1 foiz) 10-19 yosh;
  • 2 565 nafari (5,9 foiz) 60-69 yosh;
  • 1 956 nafari (4,5 foiz) 0-9 yosh;
  • 739 nafari (1,7 foiz) 70-79 yosh; 
  • 219 nafari (0,5 foiz) 80 va undan katta yoshlilar.

«Shu o‘rinda qayd etish lozimki, 6 sentabr holatiga hozirda Covid-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar uchun tayyorlangan shifo o‘rinlarida 2 251 nafar bemor davolanmoqda. 
Ularning 198 nafari  o‘ta og‘ir, 366 nafari og‘ir holatda. O‘ta og‘ir va og‘ir holatdagi 564 nafar bemorlardan 110 nafari sun'iy nafas olish apparatida, 222 nafari noinvaziv sun'iy nafas apparatida SIPAP rejimida hamda 175 nafari maxsus moslama yordamida burun orqali kislorod olmoqda», – deya ma'lumot berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i F.Sharipov. 

O‘ta og‘ir va og‘ir ahvoldagi 564 nafar bemorning 353 nafari Zangiota kompleksiga, 56 nafari Toshkent shahriga, 38 nafari Samarqand viloyatiga, 31 nafari Sirdaryo viloyatlariga, 21 nafari Qashqadaryo, 17 nafari Surxondaryo, 6 nafardan Buxoro, va Jizzax, 3 nafardan Namangan va Xorazm va 1 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi. Andijon va Farg‘ona viloyatlarida og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘qligi ma'lum qilingan.

«Mamlakatimizda koronavirus bo‘yicha so‘nggi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, kasallanish va o‘lim holatlari, asosan, yurak qon-tomir kasalliklari, qandli diabet, o‘pkaning surunkali kasalliklari bo‘lgan va ortiqcha vazn, tamaki, alkogol mahsulotlarini iste'mol qilgan, shuningdek, kamharakat insonlarda ko‘proq uchragan.

Og‘ir holatdagi barcha bemorlarga Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh mutaxassislari, RShTYoIM mutaxassislaritomonidan videokonsultatsiyalar ko‘rinishida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Bundan tashqari, Rossiya, Turkiya davlatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar hududlarda og‘ir bemorlarni mahalliy mutaxassislar bilan ko‘rib, tavsiyalar berishmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Vazirlik O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgan bemorlarning yoshlari va jinslari haqida ham ma'lumot berdi.

«Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda koronavirus qayd etilgan bemorlarda o‘lim ko‘rsatkichlarining aksariyatiga surunkali va hamroh kasalliklarning mavjudligi ham sabab bo‘lmoqda.

6 sentabr holatiga ko‘ra, Covid-19 infeksiyasidan vafot etgan 345 nafar bemorning 132 nafarini ayollar, 213 nafarini erkaklar tashkil etgan.

O‘limning yosh toifasiga ko‘ra, 6 nafar bemor 30 yoshgacha, 26 nafar 30-40 yosh oralig‘ida, 45 nafar 40-50 yosh oralig‘ida, 99 nafar 50-60 yosh oralig‘ida, 106 nafar 60-70 yosh, 63 nafar 70 yoshdan katta bemorlar tashkil etgan», deyiladi xabarda.

O‘lim sababiga ko‘ra, vafot etganlarning 264 nafarida o‘tkir yurak qon-tomir, nafas yetishmovchiligi, 10 nafarida o‘tkir respirator distress sindrom, 8 nafarida tromboemboliya, 4 nafarida o‘tkir miokard infarkti va boshqalar qayd etilgan.

«Covid-19 infeksiyasidan vafot etgan bemorlarda kasallikning kechishi tahlil qilinganda, aksariyat bemorlarda giperkoagulyatsiya – organizmdagi barcha tomirlarda qonning quyulib ketishi kuzatilib, uning asorati bemor a'zolarida tromboz, infarkt, insult kabi asoratlarga olib kelgan», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid