Jamiyat | 15:22 / 09.09.2020
3786
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar parlamenti kitobxonlik kunini belgilashni taklif qilmoqda

15 aprelni respublika bo‘yicha kitobxonlik kuni deb belgilash taklif qilingan.

Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Mohistara Muhammadyunusova parlament a'zolari respublikada alohida kitobxonlik kunini belgilash taklifini ishlab chiqilayotganini bildirdi.

«Aholi va yoshlar orasida kitobga bo‘lgan hurmatni, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekistonda 15 aprelni kitobxonlik kuni sifatida belgilash Yoshlar parlamenti a'zolari tomonidan ilgari surilmoqda. Bunda tuman/shahar, mahallalar miqyosida kitobxonlik tadbirlarini o‘tkazish, yoshlar orasida kitob bilan bog‘liq chellenjlar o‘tkazish nazarda tutiladi.

Taklif bo‘yicha normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilib, Senatga taqdim etiladi», dedi Muhammadyunusova Senat qo‘mitalarining 8 sentyabrdagi yig‘ilishida.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlarning ta'lim olishida imtiyozlarni kengaytirish taklifi ham ilgari surildi.

«Respublika bo‘yicha 312ta musiqa va san'at maktabi faoliyat olib boradi. Ularda 325 nafar nogironligi mavjud o‘quvchi tahsil olmoqda. Musiqa va san'at sohasida tahsil olishni istovchi imkoniyati cheklangan yoshlarning bu maktablarga imtiyozli ravishda qabul qilinishini belgilashni so‘ragan bo‘lardik», deya Yoshlar parlamenti raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid