O‘zbekiston | 20:39 / 11.09.2020
49554
3 daqiqa o‘qiladi

Jomboyda 40 nafar o‘qituvchida koronavirus aniqlandi

Bugun, 11 sentabr kuni xalq deputatlari Jomboy tuman kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi.

Foto: Jomboy tuman hokimligi

Unda maktab va maktabgacha ta'lim muassasalarini sanitar talablarga muvofiq birlamchi vositalar bilan ta'minlash, dezinfeksiya ishlarini tashkil etish, yangi o‘quv mavsumiga tayyorgarlik holatini muhokama qilish va ta'lim muassasalari faoliyatini tiklash masalalari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, bugun tumandagi 56 ta umumta'lim maktabida 32 349 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Yangi o‘quv yilida 3 568 nafar bola 1-sinfga qabul qilingan.

Sessiya ishida deputatlarga axborot bergan Jomboy tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Z.Yusupovaning ma'lum qilishicha, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida 48 ta maktab jamoasidan 1 934 nafar o‘qituvchi tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasida 40 nafar pedagogda koronavirus aniqlangan.

Yusupovaning ma'lum qilishicha, virus yuqtirgan xodimlar ta'lim jarayoniga jalb etilmaydi, ular onlayn tarzda ish faoliyatini davom ettirishi mumkin. Yana 28 ta maktab o‘qituvchilaridan olingan test natijalari kutilmoqda.

Shuningdek, axborotda aytilishicha, maktablarda oraliq masofani saqlash, o‘quvchilarni zarur tibbiy vositalar bilan ta'minlash choralari ko‘rilgan. Har bir muassasada alohida tibbiyot xonasi tashkil etilgan. Ularda tibbiyot birlashmasidan biriktirilgan hamshiralar faoliyat yuritadi.

Foto: Jomboy tuman hokimligi

Sessiyada so‘nggi kunlarda koronavirusga chalinganlar sonining ortishidan kelib chiqib, yangi o‘quv yilini tumandagi ikkita – 34 va 38-umumta'lim maktablarida 14 sentyabrdan emas, 16 sentyabrdan tajriba-sinov sifatida boshlash taklif qilindi.

Shuningdek, COVID-19 aniqlanmagan 12 ta maktabda darslarni 21 sentyabrdan tegishli ketma-ketlikda boshlash mavzusi kun tartibiga qo‘yildi. Qolgan maktablar faoliyatini tiklash vaziyatdan kelib chiqib hal qilinishi tavsiya etildi.

Sessiyada maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri bergan axborot deputatlar tomonidan qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Tuman Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri D.Obloqulova hududdagi bolalar bog‘chalari faoliyatini 14 sentyabrdan tiklashni taklif qildi.

Deputatlar tomonidan axborotda aynan qaysi MTMlar mavsumga tayyor ekaniga oydinlik kiritilmagani tanqid qilindi. Shuningdek, bu borada o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, 44,7 ota-onalarning rozilik bildirishi qaror qabul qilish uchun kamlik qilishi aytildi.

Sessiyada maktablarda yangi o‘quv yilini 16 sentyabrdan bosqichma-bosqich tarzda boshlash taklifi ma'qullandi. Tuman MTT mudirining axboroti deputatlar tomonidan rad etildi va keyingi sessiyalarda qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi. Ya'ni, Jomboydagi bog‘chalar ochilishiga hozircha ruxsat berilmadi.

Mavzuga oid