O‘zbekiston | 13:45 / 14.09.2020
6842
4 daqiqa o‘qiladi

Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining maqomi belgilandi

Uning tuzilmasi, shtati soni tasdiqlandi, raisning vakolatlari, rahbariyatni tayinlash tartibi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi:

  • sohada yagona davlat siyosatini olib borish, tarmoqlarni yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni yuritgan holda, muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirishni ta'minlash;
  • tut plantatsiyalari va yaylovlarning qat'iy hisobini yuritish va fondini o‘rganish, pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash;
  • ipak qurti va qorako‘l zotli qo‘ylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish;
  • pilla va qorako‘l terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xomashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish;
  • marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda ipak va qorako‘ldan tayyorlangan mahsulotlarni eng avvalo tashqi bozorlarda sotishga ko‘maklashish;
  • pillachilik va qorako‘lchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga o‘z faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda har tomonlama yordam berish uchun tashkil etilgan.

Norma’ning yozishicha, Qo‘mita boshqaruv xodimlarining cheklangan soni - 51 nafar, shu jumladan markaziy apparatida — 15 nafar. Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalarining shtat birliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimining (30 nafar), ipakchilik ilmiy tadqiqot (15 nafar), Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarining (20 nafar) va Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining (23 nafar) shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.

Qo‘mita tomonidan shartnoma asosida jalb qilinadigan malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdori xalqaro amaliyot va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Shuningdek, idora rahbari Qo‘mitaning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan:

  • boshqaruv xodimlari mutaxassislarining qo‘shimcha shtat birliklarini kiritishga;
  • mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodim va maslahatchilar sifatida jalb qilish, va ularga ish haqi miqdorini belgilashga;
  • xodimlarning asosiy egallab turgan lavozimiga ko‘ra lavozim maoshlari (tarif stavkalari)ga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat'i nazar, ustama va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni belgilashga haqli.

Qo‘mita, uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta'minlash Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Qo‘mitaning rahbarlar tarkibi quyidagi tarzda lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi:

  • Qo‘mita raisi va uning o‘rinbosarlari Bosh vazirning taqdimnomasiga binoan Prezident tomonidan;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarma boshlig‘i - Qo‘mita bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan;
  • hududiy boshqarmalar boshliqlari, shuningdek, Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti (bir vaqtda – tegishincha, «Qorako‘lchilik» va «O‘zbekipaksanoat» uyushmalari raislarining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosarlari) va Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining direktorlari - Qo‘mita raisi tomonidan.

Qo‘mita Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Ismoil ota ko‘chasi 1a-uy manziliga joylashtiriladi. Hududiy hokimiyatlar Qo‘mitaning hududiy boshqarmalarini joylashtirish uchun xonalar ajratadi. Ular mahalliy budjet hisobidan Internetga ulanadi, inventarlar, mebel va orgtexnika bilan jihozlanadi.

Hujjat 3.09.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid