O‘zbekiston | 22:12 / 19.09.2020
23209
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabda o‘qituvchilardan boshqa xodimlar kasallikka chalinmaydimi?

O‘quv yili boshlanishi oldidan maktablarda tayyorgarlik katta bo‘lyapti. Sababi, bu yilgi vaziyat har yilgidan murakkabroq.

Mana, biz o‘qituvchilar ham o‘zimizda COVID-19 alomatlari bor-yo‘qligini bilish maqsadida test topshiryapmiz. Maktabga o‘qituvchilardan test olish uchun sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari keldi. Ammo test maktab farroshlari, qorovulidan olinmadi. Ular «biz ham topshirishimiz kerak», deyishsa, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari faqat o‘qituvchilardan test olinishini aytishdi. Keyin ma'lum bo‘lishicha, hamma joyda koronavirusga test faqat o‘qituvchilardan olinayotgan ekan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, o‘quvchilar o‘qituvchilar bilan muloqot qilar ekan, farroshlar yoki qorovul o‘qituvchilar bilan muloqotda bo‘lmaydimi? Har bir maktabda 10–15 nafar ishchi-xizmatchi xodimlar bor. Ular har kuni eshik-deraza, stol-stul, partalarga teginadi, pollarni yuvib, changlarini artishadi. Ular tozalagan joylarda o‘quvchilar yuradi, o‘tiradi. Shu holatlar inobatga olinmagani meni hayratga solyapti. Nega ulardan test olinmayotganining sababini ko‘p tashkilotlardan so‘radik. Afsuski, hamma bir xil vajni ko‘rsatadi: «o‘qituvchilardan olinsin deyilgan, tamom»!

Yana bir masala. Kecha tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markaziga bordik. Tibbiy ko‘rik uchun bankka 24 ming so‘m to‘lov qildim. Maktabimiz ishchi-xodimlari esa 50 ming so‘m to‘lashdi. Axir ularning qo‘lga tegadigan maoshi 550 ming so‘m atrofida-ku. Nega ular ko‘p haq to‘lashi kerak?

Pandemiya sharoitida o‘quv yilini boshlash ko‘p murakkab vaziyatlarni keltirib chiqarayotgani sir emas. Ammo shunday sinovli kunlarda chora-tadbirlar puxta ishlab chiqilsa, har tomonlama o‘ylansa bo‘lmasmidi? Qo‘l uchida qilinayotgan chora-tadbirlar ko‘zbo‘yamachilik uchun amalga oshirilayotgandek go‘yo. O‘qituvchilarning sog‘ligiga berilayotgan e'tiborning o‘zi yetarli emas, aslida xalq ta'limi tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlar nazarda tutilishi joiz edi.

G. Beknazarova.

Mavzuga oid