O‘zbekiston | 08:12 / 19.09.2020
8768
4 daqiqa o‘qiladi

Yuridik soha kadrlarini qayta tayyorlash tizimi takomillashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining 8.09.2020 yildagi «Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 544-son qarori qabul qilindi.

Hujjat Prezidentning 29.04.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5987-son Farmoni va 19.05.2020 yildagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5997-son qarori ijrosini ta'minlashga qaratilgan. Qaror xalqaro standartlarni hisobga olgan holda adliya organlari xodimlari, advokatlar, notariuslar, yuriskonsultlar, patent vakillari, mediatorlar qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan.
 
Norma’ning yozishicha, quyidagilar yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining ustuvor vazifalari etib belgilandi:

kasbiy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda kadrlar buyurtmachilari va xodimlariga malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash imkoniyatini yaratish;

an'anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy o‘qitishning uyg‘unlashgan ish jarayoni bilan birgalikda olib boriladigan shakllarini, ta'lim dasturlarini, kredit-modul mexanizmini joriy qilish;

kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil etish va malaka oshirish jarayonlarini monitoring qilish;

ta'lim jarayonini raqamli texnologiyalar asosida individuallashtirish, masofaviy ta'limni yanada takomillashtirish va mustaqil ta'lim olish uchun qulay sharoitlar yaratish;

xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar mutaxassislarining huquqiy bilimini oshirish uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish.
 
Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining yuridik shaxsni tashkil etmagan holda Qoraqalpog‘istonda hamda viloyatlarda hududiy filiallari tashkil etiladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida qayta tayyorlash va malaka oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

o‘quv dasturlarini, o‘quv jarayonini tashkil etish, ta'lim sifatini nazorat qilish hamda baholashni o‘z ichiga olgan Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat ta'lim talablari.

Markazning hududiy filiallari yuridik texnikumlar binolarida joylashtiriladi. Ularning tuzilmasi va nizomi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi, yuridik texnikumlar esa o‘quv jarayonini tashkil etish uchun zarur sharoitlarni yaratib berish uchun mas'ul hisoblanadi.

O‘qitish davomiyligi qayta tayyorlash kurslarida 4 oyni (576 soat), malaka oshirish kurslarida – 2 haftani (72 soat) tashkil etadi.

O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun jalb qilinadigan mutaxassislar mehnatiga Markazni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan haq to‘lashda Markazga belgilangan miqdorni 200 foizgacha oshirish huquqi beriladi.

Adliya vazirligiga 3 oy muddatda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda har bir xodimning malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona ma'lumotlar bazasi – elektron platformani ishlab chiqish topshirildi.

Hujjat 9.09.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid