Jahon | 16:46 / 22.09.2020
3003
3 daqiqa o‘qiladi

Dushanbeda Tojikiston-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tadi

Dushanbe shahrida 29 sentabr kuni biznes-forum bo‘lib o‘tadi va unda Tojikiston va O‘zbekiston biznes hamjamiyatining 700dan ortiq vakillari, ikki mamlakat bosh vazirlari Qohir Rasulzoda va Abdulla Aripov ishtirok etadi.

«Aziya plyus» xabariga ko‘ra, Tojikiston va O‘zbekiston tadbirkorlari sanoat, savdo, turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qiladi.

2019 yilgi Tojikiston-O‘zbekiston biznes-forumi yakunlariga ko‘ra, Dushanbe shahrida 16ta hujjat imzolangan bo‘lib, unda tovarlar va xizmatlarni eksport va import qilish bo‘yicha ko‘p millionli kelishuvlar ko‘zda tutilgandi. Tojikiston hukumati iqtisodiy blokidagi manbaning ma'lum qilishicha, joriy yilgi biznes-forum natijalariga ko‘ra, ko‘p millionli shartnomalar tuziladi. Forum Tojikiston milliy kutubxonasi binosida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 28-29 sentabr kunlari Dushanbe shahrida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy hamkorlik masalalari bo‘yicha qo‘shma qo‘mitaning navbatdagi Majlisi bo‘lib o‘tadi.

Statistika agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil davomida Tojikiston-O‘zbekiston tovar aylanmasi qariyb 3,6 baravar o‘sdi: 2014 yil yakunlariga ko‘ra, 13 million dollardan 2019 yilda 362 million dollargacha.

Biroq koronavirus pandemiyasi ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi pasayishiga olib keldi. Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi joriy yilning yanvar-iyul oylarida 2019 yilning shu davriga nisbatan 11,3 foizga kamaygan. Joriy yilning yetti oyida ikki tomonlama tovar aylanmasining umumiy hajmi 148,4 million dollarni tashkil etadi.

Tojikiston mahsulotlarining O‘zbekistonga eksporti 35,1 million dollar miqdorida bo‘lsa, O‘zbekiston bu davlatga 113,3 mln dollar miqdorida eksport qiladi.

Tojikiston O‘zbekistonga asosan alyuminiy, elektr energiyasi, paxta tolasi, ruda, sement, ishlov berilmagan teri, xom ipak, turli matolar, spirtli ichimliklar, gilamlar va boshqalarni yetkazib beradi.

O‘zbekistondan esa tabiiy gaz, to‘qimachilik mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, plastmassa, poyabzal, keramik buyumlar, rangli metallar, elektr va mexanik uskunalar eksport qilinadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid