O‘zbekiston | 10:46 / 27.09.2020
25172
9 daqiqa o‘qiladi

Mamlakatni liberallashtirish yo‘lida. Mirziyoyev O‘zbekistonni qanchalik o‘zgartirdi?

Moskvadagi «Karnegi» tahlil markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4 yillik prezidentlik davri haqida maqola e'lon qilindi. Muallif Yuriy Saruxanyan mamlakat Mirziyoyev davrida qanday o‘zgarganini tahlil qilgan.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, oldingi rahbariyat tanqid qilinishiga sabab bo‘lgan deyarli barcha muammolarni hal qildi. Endi uning oldida so‘nggi yillarda paydo bo‘lgan yangi muammolarni hal qilish vazifasi turibdi. Islohotlarni amalga oshirish yildan yilga qiyin bo‘lib boraveradi.

Shavkat Mirziyoyev uchun keyingi yil birinchi prezidentlik muddatidagi so‘nggi yil bo‘ladi. Ortda qolgan vaqt davomida mamlakatda ham, dunyoda ham uni islohotchi prezident sifatida bilishdi. Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan keng ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilishini ma'lum qilgandi. Chindan mamlakatda o‘zgarishlar boshlandi: iqtisodiyotda liberallik ko‘zga tashlandi, so‘z erkinligining dastlabki ko‘rinishlari paydo bo‘la boshladi, siyosiy elita esa dunyo bilan muloqotga kirishdi.

Mirziyoyevning islohotlari butun millat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Islohotlarga ko‘nikkanlar ham, uni qabul qila olmaganlar ham bo‘ldi. Koronavirus esa islohotlarning beliga tepdi. Ko‘p mamlakatlar qatori O‘zbekiston ham pandemiyaga tayyor emasligi ko‘rindi, keyinchalik bir necha bosqichdagi karantin o‘zining iqtisodiy asoratlarini ko‘rsata boshladi.

Mirziyoyev keyingi yil ikkinchi muddat uchun nomzodini qo‘yishi kutilmoqda. To‘g‘risi, saylovlarda juda katta raqobat kutish qiyin. Prezidentni hozir boshqa savol o‘ylantirayotgan bo‘lsa kerak: amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirish kerakmi yoki yanada aniqroq islohotlarga o‘tish? Axir Mirziyoyev davrida o‘zbek xalqi ancha talabchan bo‘lib ulgurdi.

Reputatsiyaning yangilanishi
Islom Karimov vafotidan keyin Shavkat Mirziyoyev mamlakat rahbarligiga kelganida, jamoatchilik uning islohotlar rejasiga ishonishda ehtiyotkorlikni unutmadi. Ayrimlar 13 yil oldin hukumatda ish boshlagan odam islohotchi bo‘lishiga ishonqiramagandi, biroq Mirziyoyev chindan ko‘p narsani o‘zgartirdi. Karimov davrida ko‘p tanqid qilinadigan sohalarda vaziyat yaxshilandi: iqtisodiyot, jamoatchilik siyosati va xalqaro aloqalar borasida o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘zbekiston qamoqxonalaridan ko‘plab siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarildi. Keksayib qolgan bu insonlar endi mamlakat xavfsizligiga hech qanday ta'sir ham o‘tkazmayotgandi. Shuningdek, hukumat Jasliqdagi turli qiynoqlar bilan nomi chiqqan qamoqxonani ham yopdi.

Bu o‘zgarishlar, shubhasiz, G‘arb tomonidan ijobiy qarshilandi. 2005 yildan buyon ilk marta AQShning xalqaro din erkinligi bo‘yicha komissiyasi O‘zbekistonni «qora ro‘yxati»dan chiqardi. Rasmiy Toshkent qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshilay boshladi. Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegara, transchegaraviy daryolar masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari muloqoti tiklandi va besh davlat rahbarlari 2018 va 2019 yillarda o‘zaro uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Mirziyoyev dunyo hamjamiyatini O‘zbekistonga investitsiya kiritish foydali va xavfsiz ekaniga ishontira boshladi. Bu esa chinakam kutilmagan qadam edi. Hukumat valuta kurslarini tartibga keltirib, valuta operatsiyalarini osonlashtirib qo‘ydi. Bank tizimi isloh qilindi va xorijiy investorlar uchun to‘siqlar bekor qilindi.

O‘zbek mansabdori 2.0
Mirziyoyev o‘z atrofida yaxshi jamoa to‘plashga ko‘p vaqt sarfladi. Uning davrida deyarli barcha vazirlar almashdi, tashqi ishlar vaziridan tashqari. Katta lavozimlarga yosh kadrlar keldi. O‘zbek rahbarining ko‘rinishi o‘zgardi: endi ular faqat kabinetda o‘tirmaydi, aksincha odamlar bilan faol muloqotga kirishgan, ijtimoiy tarmoqlarda ham faollashgan. Ular endi nafaqat mahalliy jurnalistlarga, balki xorijiy OAV vakillariga ham intervyu bera boshlashdi. Rahbarlar endi muammolar haqida ochiq gapirishmoqda. Endi rahbarlar muammoli joylarga yetib borishmoqda. Masalan, Urganchda uylari buzilib kompensatsiya ololmagan odamlar katta trassani yopib qo‘yganda bosh vazir Abdulla Aripovning shaxsan o‘zi u yerga yetib borib, aholi bilan muloqot qilgandi. Hatto Mirziyoyevning o‘zi uzoq yillar rahbar ko‘rmagan tumanlarga bormoqda.

Biroq muammolar kamayib qolgani yo‘q. Hamon yuqori lavozimlarga tanish-bilishsiz erishish qiyin. Katta kadrlar yoshlarning o‘sishiga hamon qarshilik qilmoqda. Hududiy rahbarlar eskichasiga, qo‘rslik bilan boshqaruvni amalga oshirishi holatlari kuzatilib turibdi. Mirziyoyevga kuchli kadrlar yetishmayapti. Aytaylik, so‘nggi yillardagi eng yulduz siyosatchilardan biri Sherzod Kudbiyev avvaliga mehnat vaziri, keyin prezidentning kadrlar bo‘yicha maslahatchisi bo‘ldi. Hozirda esa u Davlat soliq qo‘mitasi rahbari.

OAVning tirilishi
2016 yilgacha o‘zbek OAVi koma holatida edi: gazetalarni hech kim o‘qimas, ular majburiy obuna hisobigagina kun ko‘rayotgan, televideniye sovetlar davridagidan farq qilmas, internet saytlar rasmiy press-relizlarni qayta nashr etish bilan kifoyalanardi. Shavkat Mirziyoyev davrida barchasi keskin o‘zgardi. OAV chinakamiga jamiyatning hayot tarzini ko‘rsata boshladi. Oldinlari nomini faqat sekingina aytish mumkin bo‘lgan xorijiy saytlar ochildi. Jurnalistlar himoyasi uchun butun boshli agentlik va fondlar ochildi. Mirziyoyev bu sohaga qanchalik jiddiy qarayotganini unga mas'ul sifatida o‘z qizi Saida Mirziyoyeva va sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonovni tayinlaganidan bilish mumkin.

Natijada bugun o‘zbek nashrlarida har qanaqa tanqidni uchratish mumkin. Mamlakatda mashhur blogerlar paydo bo‘la boshladi. Rahbarlar esa o‘z axborot xizmatiga e'tibor bermoqda. To‘g‘ri, hali to‘la erkin matbuotgacha ancha bor, hamon teginish mumkin bo‘lmagan mavzular saqlanib qolmoqda, ammo o‘zgarish chindan yaxshi tomonga bo‘lmoqda.

OAV shunchalik katta obro‘ga ega bo‘ldiki, rahbarlar jurnalistlar tanqidiga uchramaslik uchun o‘z faoliyatini, o‘zini tutishini nazorat qilishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, pandemiya davrida axborotni yashirishning imkoni bo‘lmayapti, chunki bu haqda OAV va blogerlar sahifasida baribir ma'lumot berilmoqda. Avval hukumat shunchaki hech nima aytmay qo‘ya qolgan bo‘lardi.

Faqat imij uchunmi?
Biroq hali o‘zgartirish kerak bo‘lgan narsalar ko‘p: partiyalar nomigagina ishlamoqda, monopol kompaniyalarga hamon imtiyoz berilmoqda. To‘rt yil - islohotlarning dastlabki hayajonlari tugashi uchun yetarli muddat. Bu ayniqsa iqtisodiyotda sezilmoqda. Bir tomondan, hukumat soliqlar va xususiylashtirish kabi muhim sohalarda islohot amalga oshirdi. Boshqa tomondan qat'iy proteksionizm iqtisodiy siyosatning asosiy falsafasi bo‘lib qolmoqda, mahalliy monopolistlar uchun subsidiyalar va imtiyozlar raqobatni bo‘g‘ishda davom etmoqda, xususiylashtirish jarayoni esa shaffof emas. O‘zbekiston iqtisodiyoti hukumatdagilar buni o‘zgartirish uchun harchand urinmasin, avvalgi kabi lobbistlarning tor doirasi manfaatlari uchun xizmat qilishda davom etmoqda.

O‘zbekistonda ulkan byurokratik apparat o‘sishda davom etmoqda. Hukumat yangi vazirliklar va muassasalar tuzish orqali muammolarni hal qilishga urinmoqda. Natijada tushunarsiz tuzilmalar paydo bo‘lmoqda. Masalan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tuzilib, uning rahbariyati tarkibi IIVdan chiqqan xodimlar bilan to‘ldirildi.

Hali hal etilmagan eski muammolar qatoriga yangilari qo‘shilmoqda. Amaldorlarni haqiqiy holat emas, ko‘proq hisobotlarda KPI (samaradorlik eng muhim ko‘rsatkichlari) ijrosi qanday bo‘lishi qiziqtiradi. Hukumat qarorlari niqobi ostida hokimiyatga yaqin bo‘lganlar xususiy biznesni siqib chiqarishi holatlari kuzatilmoqda.

Yuqorida aytilganidek, o‘zbek hukumati tanlov oldida turibdi: yoki amaldagi holatni saqlab qolish yoki tizimli islohotlarga o‘tish. Nima bo‘lganda ham endi ularga oson bo‘lmaydi. Chunki Mirziyoyevning liberal siyosati o‘zbeklarni talabchan qilib qo‘ydi. Endi ular barchasi yanada yaxshiroq bo‘lishiga ham ishonmoqda.

Mavzuga oid