O‘zbekiston | 18:51 / 29.09.2020
31655
2 daqiqa o‘qiladi

Magistratura natijalari e'lon qilinishi tartibi haqida izoh berildi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov magistraturaga kirish imtihonlari natijalari qachon e'lon qilinishi masalasida ma'lumot berdi.

«Bizda apellyatsiya jarayonlari yakunlandi. Mutaxassislar tomonidan tekshirilgan apellyatsiya natijalari ham tegishli oliy ta'lim muassasalariga taqdim etildi. Yakuniy natijalar vazirlik tomonidan umumlashtirilib, davlat komissiyasiga taqdim etiladi. Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan keyin bu natija e'lon qilinadi. Natijalarni komissiya tasdiqlaganidan keyin oliy ta'lim muassasalariga topshiramiz», – dedi Abduvali Xoliqov 29 sentabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, magistraturaga test topshirgan abituriyentning hujjat topshirgandagi shaxsiy kabinetiga ham natijalar yuboriladi. Abituriyentlar natijalarni uyda o‘tirgan holda shaxsiy kabinetdan ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

«Hozirda turli stipendiya sohiblari, ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi abituriyentlar va «Mard o‘g‘lon» toifalariga kiruvchilar ajratib chiqilyapti. Biz buni 2-3 kunda davlat komissiyasiga berib tasdiqlatamiz. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi magistratura imtihonlari natijalarini rasman qaysi kun e'lon qilinishini hali aytgani yo‘q. Chunki bu jarayonda jami 2000dan ortiq, bitta oliy ta'lim muassasasida esa 100dan ortiq «vedomost»lar shakllanadi. Bu uzoq vaqt talab qiladi, bu yerda hech qanday inson omili rol o‘ynamaydi», – deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.

Ma'lum qilinishicha, bu yil magistraturaga 73 ming abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, imtihon 13ta hududdagi 19ta OTMda, onlayn shaklda o‘tkazilgan.

Mavzuga oid