Sport | 08:11 / 30.09.2020
10094
3 daqiqa o‘qiladi

Mourino-Lempard tortishuvi. Murabbiylar vaziyatga izoh berishdi

«Tottenhem» bosh mrabbiyi Joze Mourino Angliya Liga Kubogining 1/8 finalidan o‘rin olgan «Chelsi»ga (1:1, penaltilar seriyasi – 5:4) qarshi o‘yin paytida «ko‘klar» ustozi Frenk Lempard bilan bo‘lgan og‘zaki aytishuvga izoh berdi.

Eslatib o‘tamiz, birinchi bo‘limda Timo Verner «Chelsi»ni hisobda oldinga olib chiqqqanda, Lempardning maydon chetida gol nishonlashi Mourinoga yoqmadi va portugaliyalik mutaxassis Frenkka «0:3ga yutqazayotganingda bu yerda turmasding», dedi. Joze bu orqali shogirdining «Vest Bromvich» bilan o‘yinning birinchi bo‘limida, hisob 0:3 bo‘lib turgan vaziyatda zaxira o‘rindig‘ida g‘amgin holatda o‘tirganiga kinoya qildi.

«Frenkka bo‘lgan tuyg‘ularim har qanday tortishuvlardan ko‘ra muhimroqdir. Futbolchi sifatida u menga hamma narsani berdi. Buni hech qachon unutmayman. Do‘stim va professional o‘yinchimga nisbatan his-tuyg‘ularim hech qachon o‘zgarmaydi.

O‘sha vaziyatda men aytmoqchi bo‘lgan yagona narsa – keksa murabbiyning yosh iqtidorli mutaxassisga fikri.  Biz o‘yinchilarga mag‘lubiyat paytida ko‘proq kerak bo‘lamiz. Ular gol urganida, biz chetda bosh qahramon bo‘lishimiz shart emas. So‘nggi o‘yinda («Vest Bromvich» bilan 3:3) ular 0:3 hisobida yutqazayotganida Lempardga achindim. Chunki u zaxira o‘rindig‘ida juda xafa o‘tirgan edi. Futbolga keladigan bo‘lsak, men unga o‘rgatadigan narsa yo‘q», – deya Mourinoning so‘zlarini keltiradi The Telegraph.

Lempard esa bo‘lgan voqeani quyidagicha izohladi: «Biz goldan biroz xursand bo‘ldik. Jozega esa gapiga javoban futbolchilariga qaraganda hakam bilan ko‘proq gaplashishini aytdim. Ammo uni chindan hurmat qilaman va bu hech qachon o‘zgarmaydi».

Mavzuga oid