Jamiyat | 00:37 / 04.10.2020
27973
4 daqiqa o‘qiladi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilishi yuzasidan tashvishdaligini bildirdi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Ombudsman bilan hamkorlikda qonun doirasida va insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqqan holda yuqori sud instansiyalariga qo‘shma murojaat qilishini, shu asosda Guljahon Yo‘ldoshevaning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilishini ma'lum qildi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti G. Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilishi yuzasidan tashvishdaligini bildiradi hamda mazkur holatga adolatli va xolis yechim topilishini istaydi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabarida aytilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, 3 oktabr kuni mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G.Marufova hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati mudiri S.Azimovlar tomonidan Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining 1-sonli tergov hibsxonasida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva bilan Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasida suhbat tashkil etildi.

“Suhbat davomida G. Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln. so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olinganligi, ushbu ish bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilib, shifokor muammolar haqida ochiq gapirgani, bundan tashqari tergov va suddan yashirinishi mumkinligini inobatga olib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilganligini ma'lum qildi.

Bundan tashqari, G.Yo‘ldosheva, eng avvalo, ona ekanligi, 6 nafar voyaga yetmagan, jumladan, 2 va 3 yoshli kichik farzandlari borligi, tergov yoki suddan yashirinishga urinmaganligini, shu bilan birga Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati yuzasidan olib borilayotgan tekshiruvlar hamda unga nisbatan yuritilayotgan surishtiruv va tergov jarayonlarida bevosita o‘zining ishtirokida xolisona ko‘rilishini ta'minlashda o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasini o‘zgartirilishida amaliy yordam so‘radi.

O‘tkazilgan suhbat natijalari bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Ombudsman bilan hamkorlikda qonun doirasida va insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqqan holda yuqori sud instansiyalariga qo‘shma murojaat qilishini, shu asosda G. Yo‘ldoshevaning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilishini ma'lum qiladi”, deyiladi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirusga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotgani, og‘ir vaziyatlarda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan edi.

Keyinroq bu masalada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov o‘z munosabatini bildirib, Chirchiqdagi shifoxona COVID-19 bemorlarini davolashga ixtisoslashmagani, G.Yo‘ldosheva asossiz ma'lumotlar tarqatayotganini aytdi.

8 sentabr kuni Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura bu holatga munosabat bildirib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘ladigan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgani va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini ma'lum qildi.

Sudning ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati JIB Toshkent viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, ayblanuvchiga nisbatan qo‘llangan qamoqda saqlash bilan bog‘liq ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorov u aybsizligini aytib, tergov noxolis olib borilayotganini ta'kidlamoqda.

Mavzuga oid