O‘zbekiston | 13:33 / 06.10.2020
54372
2 daqiqa o‘qiladi

«Sardoba ishi» bo‘yicha yangi tafsilotlar ma'lum qilindi

Joriy yilning 1 may kuni yuz bergan «Sardoba» suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi va natijada katta yer maydonlarini suv bosishi holati bo‘yicha Jinoyat kodeksining 207-moddasi, 258-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, 17 nafar shaxs ayblanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov 6 oktabr kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida suv ombori fojiasi bo‘yicha olib borilayotgan tergovga oid so‘nggi yangilikni ma'lum qildi.

«Hozirgi vaqtda tergov organi tomonidan to‘g‘onning loyihalanishi, qurilishi, ekspluatatsiya qilinishi, davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmagan hajmda suv to‘planishi jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlariga daxldor 17 nafar shaxs, jumladan buyurtmachi «Sirdaryo suv qurilish invest» DUK, loyihachi «UzGip» MChJ, bosh pudratchi – «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» UK, pudratchi tashkilotlar «Rezaksoy suv qurilish» UK, «Omad Dubl» MChJ, «Sariosiyo qurilish» MChJ, «Trans Servis Kompleks» MChJ, «To‘palang Sherobod» ShK, Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekspluatatsiya direksiyasi mansabdor shaxslarining bir guruhi Jinoyat kodeksining tegishli (167, 203, 205, 207, 209, 258) moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, ayblanuvchilarning 7 nafariga qamoqqa olish, 6 nafariga garov, 4 nafariga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan», — deydi Burxonov.

Ta'kidlanishicha, jinoyat ishi doirasida tegishli idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat komissiya tomonidan o‘lchov va taftish ishlari davom ettirilmoqda. Aybdor shaxslarni aniqlash bilan birga yetkazilgan zararning qoplanishini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, tergov harakatlari va taftish davomida yangi aniqlangan holatlar bo‘yicha ham to‘plangan materiallar ajratilib bu materiallar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 160 va 258-moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. 

Bugungi kunda ham jinoyat ishi bo‘yicha Hisob Palatasi tomonidan bu bo‘yicha taftish ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid