Jahon | 22:00 / 14.10.2020
21077
13 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko hibsxonada muxolifatchilar bilan uchrashdi. Endi nima bo‘ladi?

Belarusda namoyishchilar g‘alaba haqida gapira boshlashdi. Bejiz emas: Lukashenko hibsxonada bo‘lsa ham muxolifat vakillari bilan uchrashdi, Svetlana Tixanovskayaga turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilishga ruxsat berildi, bir qancha xorijiy jurnalistlarga mamlakatda ishlash uchun akkreditatsiya taqdim etildi, Lukashenko konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ish olib borish uchun xalq yig‘ilishi saylovlarini e'lon qildi. Xo‘sh, aslida vaziyat qanday?

JONNY PICKUP/GETTY IMAGES

Lukashenkoning tergov hibsxonasida muxolifat vakillari bilan uchrashgani katta voqelik bo‘ldi. Axir mamlakatda siyosiy mahbuslar yo‘q deb turishgan bir vaqtda prezident ular bilan hibsxonada uchrashdi. Ular orasida prezidentlikka sobiq da'vogarlar Viktor Babariko va Sergey Tixanovskiy ham bor edi. Shundan so‘ng, ushbu uchrashuvda ishtirok etgan PandaDoc kompaniyasi direktori Dmitriy Rabsevich va siyosatshunos Yuriy Voskresenskiyni ozod qilishdi ham.

Lukashenko muxolifat vakillari bilan hibsxonaga kelib uchrashuv o‘tkazganiga qaramay, mamlakat xavfsizlik kuchlari yakshanba va dushanba kunlari norozilik namoyishiga chiqqan odamlarga nisbatan yana qattiqqo‘llik bilan munosabatda bo‘lishdi. Yuzlab odamlar hibsga olindi. Uchrashuv fonida Belarus ichki ishlar vaziri o‘rinbosari namoyishchilar radikallashayotgani va politsiyachilar kerak bo‘lsa o‘q otishga tayyorligini aytdi.

OAV Aleksandr Lukashenko namoyishlarni to‘xtatish uchun muxolifat bilan uchrashib muzokara olib borishga qaror qilganini taxmin qilmoqda. Ammo shundaymikin?

Hibsxonadagi konstitutsiya muzokarasi
10 oktabr kuni Aleksandr Lukashenko Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasining (KGB) tergov izolyatoriga keldi va bir guruh muxolifat a'zolari bilan (ular orasida prezidentlikka nomzodini qo‘ygan Viktor Babariko va Sergey Tixanovskiy ham bor edi) bir stol atrofida o‘tirib muzokara o‘tkazdi.

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, ushbu muzokarada boshqa tergov hibsxonasida saqlanayotgan Belarus muxolifati muvofiqlashtiruvchi kengash a'zosi Mariya Kolesnikova ham qatnashishi lozim bo‘lgan. Ammo Kolesnikova Lukashenko bilan uchrashishdan bosh tortgan.

«Exo Moskva» radiosidagi chiqishida Kolesnikovaning advokati Aleksandr Pilchenko vaziyatni shunday izohladi: «Ular Mariya Kolesnikovaga ham ushbu muzokarada qatnashish taklifi bilan kelishdi. Mariya vaziyatga jiddiy qaraydigan qiz, bu aftidan ularni biroz xavotirga soldi. U «Xo‘sh, endi nimani muhokama qilish mumkin? Bir yarim oy oldin biz bularning barchasini to‘xtatishni taklif qildik, ammo ular eshitishni xohlashmadi. Hozir aksariyatimiz qamoqdamiz yoki mamlakatdan chiqarib yuborilganmiz. Endi nima haqda gaplashishimiz mumkin?».

Besh soatga yaqin davom etgan muzokarada nimani gaplashishgani haqida juda kam ma'lumot bor. «BelTA» davlat axborot agentligi Lukashenko tomonidan aytilgan gaplarning bir qismini ko‘rsatdi. Namoyish etilgan kadrda Lukashenko shunday degan: «Mamlakat muloqot qilaylik, shiori ostida yashayapti. Tarafdorlaringizning tanqidlariga asoslanib, barcha masalalar bo‘yicha eng radikal takliflar berilyapti deb o‘ylardim. Siz faqat konstitutsiyani o‘zgartirish taklifi bilan cheklanib qolmasligingiz kerak. Aksariyatingiz huquqshunossiz, shuni yaxshi tushunishingiz kerak, konstitutsiyani ko‘chada qayta yozib bo‘lmaydi. Men bu masalaga kengroq nazar tashlayman va nafaqat sizning tarafdorlaringizni, balki butun jamiyatni muammoga har tomonlama qarash kerakligiga ishontirishga harakat qilaman».

«BelTA»ga ko‘ra, muhokama qatnashchilari siyosat va iqtisodiyotni muhokama qilishgan, ammo «umumiy qaror bilan tafsilotlar sir saqlanib qolgan».

«Dima, tashkillashtir»
Advokat Anton Gashinskiy dushanba kuni ertalab u o‘zining mijozi, uchrashuvda ishtirok etgan siyosiy tahlilchi Vitaliy Shklyarov bilan uchrashuvdan so‘ng Lukashenko va siyosiy mahbuslar o‘rtasidagi uchrashuvda nimalar muhokama qilingani haqida gapirib berdi. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, taxminan besh soat davom etgan tergov hibsxonasidagi uchrashuvda suhbat Belarusning kelajagi, norozilik namoyishlari va konstitutsiyaviy islohotlar haqida bo‘lgan.

«Men Vitaliyni atigi bir necha daqiqa ko‘rdim, ammo sodir bo‘lgan hamma narsa uning uchun kutilmagan holat bo‘lgani aniq. U suhbat juda ochiq kechishini va prezident bilan yuzma-yuz bahslashish imkoni bo‘lishini kutmagandi. Bu uch oy ichida odamlarning birinchi dam olish kuni bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng, xayrlashish paytida Vitaliy prezident bilan qo‘l berib ko‘rishganida, u uzoq vaqt yuvinmaganidan shikoyat qildi. Shunda Lukashenko qo‘riqchilaridan biriga «Dima, tashkillashtir», dedi. Ular qayerdagi hammomda bo‘lishganini Vitaliy bilmaydi. Faqat, ularning hammasini hammomga qo‘riqchilarsiz olib borishgan. Siyosiy mahbuslarga tinchgina yuvinish va bir-birlari bilan muloqot qilish imkoniyati berilgan», degan advokat.

Anton Gashinskiy Lukashenko ma'muriyati uchrashuv ishtirokchilari taqdiri to‘g‘risida qaror qabul qilganiga amin: «Bu uchrashuv ijobiy muloqotning boshlanishiga ishora bo‘lib tuyulyapti. Ammo harakatdan to‘xtab qolmaslik kerak. Erishilgan yutuqlar bilan to‘xtab qolishga hali erta. Mamlakat prezidenti uchun bunday holat ilgari hech qachon sodir bo‘lmagan. Axir u siyosiy mahbuslar deb tan olingan insonlar bilan suhbatlashish uchun keldi. Shu paytgacha Belarusda siyosiy mahbuslarning borligi hukumat tomonidan mutlaqo inkor qilinardi».

Shaxsan Lukashenkoning tashrifiga qaramasdan, yig‘ilish ishtirokchilarining aksariyati hanuz qamoqda qolmoqda. Ammo to‘satdan ikki mahbus – PandaDoc kompaniyasi direktori Dmitriy Rabsevich va Babarikoning tashabbus guruhi a'zosi, siyosatshunos Yuriy Voskresenskiy ozod qilindi.

PandaDoc direktorini qo‘yib yuborishgani bilan uning bir qancha xodimlari katta miqdordagi firibgarlikda ayblanib hibsda qolmoqda.

«Biz qo‘lni qo‘lga berishimiz kerak»
Dmitriy Rabsevichning advokati Yekaterina Petrovich BBC bilan suhbatda uning mijozini qanday asosga ko‘ra hibsdan ozod qilishganini bilmasligini aytdi. Bu Lukashenkoning hibsxonaga tashrifi bilan bog‘liqligi ham aniq emas. Rabsevich hozirda ozodlikda bo‘lishiga qaramay, hamon dastlabki tergov sirlarini oshkor qilmaslik uchun nazorat ostida qolyapti.

«Men faqat Dmitriyning manfaatlarini himoya qilaman. Hozircha boshqalar haqida (PandaDoc kompaniyasining hibsda qolayotgan boshqa xodimlarini nazarda tutyapti) hech qanday yangilik yo‘q. Biz boshqa xodimlarni ham hibsdan ozod qilish ehtimoli borligini istisno etmaymiz. Bu yaqin kelajakda sodir bo‘lishiga umid qilamiz», dedi advokat Petrovich.

BBC Voskresenskiy va Rabsevich bilan gaplasha olmadi. Ammo ular hibsdan ozod etilgandan keyin bildirgan qisqa mulohazalari davlatga qarashli «Belarus 1» telekanali tomonidan yozib olinib efirga uzatilgan.

Voskresenskiy o‘z mulohazasida Lukashenko siyosiy mahbuslar bilan uchrashuvda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlashni buyurganini aytgan. Shuningdek, Lukashenko mahbuslarga «mamlakat uchun ijtimoiy xavfli bo‘lmagan bir qator odamlarni ozod qilish bo‘yicha rasmiylarning keyingi qadamlari to‘g‘risida» o‘z pozitsiyasini shakllantirishi kerakligini aytgan. Mulohazasi so‘ngida ozod qilingan har ikki muxolifatchi ham barchani ajablantirib efirda Aleksandr Lukashenkoni maqtagan.

Rabsevich barcha shart-sharoitlar yaratilgan, yuqori texnologiyalar parkida biznesni davom ettirishini aytdi. Yuriy Voskresenskiy esa hatto tomonlar (ya'ni, muxolifat vakillari va Lukashenko) yarashish uchun qo‘lni qo‘lga berib, bir-biriga qarab quchoq ochishi kerakligi haqida gapirgan.

BBC bilan suhbatda Yuriy Voskresenskiyning rafiqasi, erining tergov hibsxonasidan ozod qilinishiga uning davlat kanali jurnalistlariga bergan intervyusi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

«U intervyuda o‘z pozitsiyasini batafsilroq bayon qildi va hukumat hamda jamiyatni o‘zaro muloqotga chaqirdi. Uning gaplari ehtimol prezidentga yoqqan. Yana Yuriy siyosatshunos sifatida rangli inqiloblarning mohiyati haqida gapirdi. U barcha aholi qatlamlarining istaklarini hisobga olish kerakligini, Belarusda hokimiyat tomonidan eshitilmagan muammolar qatlami paydo bo‘lganini aytdi. Yuriy siyosiy mahbuslar haqida gapirib, besh nafar insonning ismini aytib, ularni zudlik bilan ozod qilish lozimligini ta'kidladi. Ular orasida Babariko, Tixanovskiy va Statkevich bor edi. U siyosiy inqirozni hal qilish uchun umumiy nuqtalarni topishga qaratilgan konstruktiv pozitsiyasini bildirdi», degan Voskresenskiyning rafiqasi.

Evaziga...?
«Otkritiye media» nashri Belarusning yuqori davlat tuzilmalaridagi manbalariga asoslanib ma'lum qilishicha, Lukashenko tergov hibsxonasidagi yig‘ilish paytida muxolifatga bitim taklif qilgan. Unga ko‘ra, ko‘cha noroziliklari va ish tashlashlarni to‘xtatish evaziga muxolifatchilar ozod qilinadi. Shundan so‘ng, ular bo‘lajak komissiyaga qo‘shilib yangi konstitutsiya ustida ishlaydi. BBC bu ma'lumotni tasdiqlay olmadi.

«Yuriy bunday shartga ko‘nmaydi. Men bunday bo‘lishi mumkinligiga shubha qilaman. KGB tergov hibsxonasida o‘tirgan odamlar ko‘cha namoyishlarini qanday qilib to‘xtatishi mumkin? Men rasmiylar bu ishga rozi bo‘ladi deb o‘ylamayman. Lukashenko bunday takliflarni aytadigan odam emas», deydi Alesya Voskresenskaya.

Suhbatni yakunlar ekan, Voskresenskaya erining davlat kanaliga bergan intervyusidan keyin odamlar uni qattiq tanqid qilishganiga guvoh bo‘lganini qo‘shimcha qildi: «Odamlar Belarusning eng og‘ir qamoqxonasida ushlab turilganlarni tanqid qilish huquqiga ega emasligini tushunishlari kerak. Tomonlarni kelishuvga va davlat kanallarida siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqiradigan odamni tanqid qilish shunchaki axloqsizlik. Erimga qarshi qilingan hujumlar odamlarda bilim va vaziyatga to‘g‘ri baho berish madaniyatining yetishmasligi alomatidir».

Muvaqqat kengashning xorijda yashayotgan a'zosi Pavel Latushko bo‘lib o‘tgan voqealarni quyidagicha izohlaydi: «Qamoqda o‘tirganlar bilan muloqot – bu o‘z kuchsizligingni tan olishdir. Lukashenkoning bitta so‘ziga yoki ishiga ishonmang! U siyosiy mahbuslarni muzokaralar stoliga yig‘di. Ushbu tadbir Belarusda siyosiy mahbuslar borligining tan olinishi va bu endi rasmiylarga jiddiy noqulayliklar tug‘diradi».

Siyosiy tahlilchi Artem Shraybman izolyatorda o‘tkazilgan davra suhbatidan keyin shunday dedi: «Oyog‘iga mustahkam turgan davlat rahbari hech qachon o‘zi jinoyatchi deb ataganlar bilan hibsxonaga kelib muzokara o‘tkazmaydi».

Belaruslik tahlilchi Yuriy Chausovning aytishicha, so‘nggi kunlardagi voqealarni siyosiy liberalizm yoki Lukashenko hokimiyatining qattiq taktikadan chekinishi deb hisoblashga erta. U 13 va 14 avgust kunlari, namoyishlarda hibsga olinganlarning aksariyati Okrestin ko‘chasidagi hibsxonadan ozod qilinganida, ko‘pchilik Belarusda rejim orqaga chekinmoqda deb o‘ylaganini, lekin aslida bunday bo‘lmaganini eslatdi.

«Namoyishlar tashkilotchilari namoyishchilarga g‘alaba yaqinligini uqtirmoqda. Chunki inqiloblar g‘alabadan g‘alabaga o‘tishi kerak. Shuning uchun Lukashenkoning siyosiy mahbuslar bilan muzokarasi g‘alaba sifatida taqdim etilyapti. Ularga ko‘ra, namoyishchilarning bosimi ostida rejim siyosiy rahbarlar bilan muzokaralarni boshladi. Ammo ishoning, bularning barchasi Lukashenkoning o‘yini hisoblanadi. Shunchaki, Lukashenko avtozak (hibsga olinganlarni tashiydigan mashina) va boshqa zirhli transportlar vositasida hokimiyatni ushlab qololmasligini tushunyapti. Shuning uchun ham Belarusda konstitutsiyaviy islohotlar vaziyatni o‘nglashi haqida targ‘ibot olib boryapti», dedi Chausov. Uning fikriga ko‘ra, konstitutsiyaviy islohot o‘tkazilishi faqatgina hokimiyatning targ‘ibot mexanizmlaridan biri bo‘ladi.

«Ayrimlarni tergov hibsxonasidan qanday ozod qilinganini ko‘ring. Lukashenkoning fikriga ko‘ra, konstitutsiyaviy islohot bo‘yicha taklif qabul qilinganini namoyish eta oladigan odamlar tanlangan. Babariko hali ozod qilinmadi, Tixanovskiy ham ozod qilinmadi», deydi Chausov.

Siyosatshunosning fikricha, Aleksandr Lukashenko qamchi va tasma uslubidan foydalanyapti: «Qamchi ko‘chalarda, tasma esa virtual holda. Lukashenkoning g‘oyasi, garchi muzokara stoli panjara ortida bo‘lsa ham, hatto qasamyod qilgan muxoliflar ham muzokara qilishga tayyorligini keng jamoatchilikka ko‘rsatmoqchi».

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid