Jahon | 12:46 / 18.10.2020
2063
2 daqiqa o‘qiladi

Gvineyada prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

18 oktyabrda Afrikaning Gvineya davlatida prezident saylovlari 15 oktyabrda mamlakat janubidagi ikkita harbiy bazaga uyushtirilgan hujum ortida keskin vaziyatda o‘tmoqda.

Foto: DW

Saylovchilar ro‘yxatiga olingan 5,3 mln gvineyalik prezident lavozimiga 12 nomzoddan birini tanlashi kerak bo‘ladi. Ular orasida amaldagi prezident, 82 yoshli Alfa Konde ham bor. Bu uning uchinchi prezidentlik muddatga ilgari surilishidir. Konde 2010 va 2015 yillardagi saylovlarda g‘alaba qozongan edi.   

Afrika davlatida mart oyida o‘tkazilgan referendumda ma'qullangan yangi konstitutsiya Kondega uchinchi muddatga saylanish uchun yo‘l ochib bergan. Avvalgi konstitutsiyada prezident lavozimida qolish ikki muddat bilan cheklangan bo‘lgan. Konstitutsiyaviy sud yangi konstitutsiya qabul qilinishi sababli Kondening avvalgi ikki muddati hisobga olinmasligi haqida qaror chiqargan. Bu orada muxolifat Kondening yana bir muddatga qolish istagini qoralagan.  

Amaldagi prezidentning saylovlardagi asosiy raqibi muxolifat yetakchisi – sobiq bosh vazir Selu Daleyn Diallo hisoblanadi. U avvalgi prezident saylovlarida ham Kondega raqobatchilik qilgan, biroq ularda mag‘lub bo‘lgan. Saylovlar arafasida Diallo amaldagi prezidentni ovoz berish natijalarini soxtalashtirishga urinishda ayblagan.

Kondening tarafdorlari esa uning prezidentligi vaqtida Gvineya yalpi ichki mahsuloti 2 barobar oshganini, tog‘-kon sanoatida tez va uzluksiz rivojlanish kuzatilayotganini ta'kidlashmoqda. 

Saylovlarning dastlabki natijalari kelayotgan haftaning o‘rtalarida ma'lum qilinadi. Agar nomzodlardan birortasi 50 foiz+1 ovozni to‘play olmasa, 24 noyabrda saylovlarning ikkinchi turi bo‘lib o‘tadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid