O‘zbekiston | 22:03 / 19.10.2020
75023
2 daqiqa o‘qiladi

Uchta viloyat davlatga paxta topshirish rejasini bajardi (jadval)

Farg‘ona, Andijon va Xorazm viloyatlari davlatga paxta topshirish rejasini bajardi. Ayni paytda bu ro‘yxatga Namangan viloyati ham qo‘shilishi kutilmoqda.

Xorazm viloyati paxtakorlari 258 ming tonnadan ortiq xirmon to‘plab, davlatga paxta sotish rejasini bajardi. Bu haqda 19 oktabr kuni viloyat hokimligi ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, bu yil 1538ta fermer xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 82 ming gektardan ziyod maydonda g‘o‘zaning «Xorazm-150», «Xorazm-127», «Sulton», «Buxoro-102», «S-8294» navlari ekilib, agrotexnik qoidalar asosida parvarishlandi.

Terimga fermer xo‘jaligi a'zolari va 107 ming nafardan ortiq ish bilan band bo‘lmagan uyushmagan aholi ixtiyoriy jalb etilgan, deyiladi Xorazm viloyati hokimligi xabarida.

Ma'lumot uchun, 2020 yilda O‘zbekistonda 3,1 mln tonna paxta xomashyosi yetishtirilishi rejalashtirilgan. Bungacha Farg‘ona va Andijon viloyatlari ham rejani bajargan edi. Yaqin vaqt ichida ushbu uchta viloyat qatoriga Namangan ham qo‘shilishi kutilmoqda.

Xabar qilinishicha, Sirdaryo viloyatida «Indorama Agro» klasterining statistikasi alohida yuritilmoqda, ushbu klasterni hisobga olmaganda, Sirdaryo ham paxta rejasini bajargan.

Mavzuga oid