Jahon | 01:12 / 23.10.2020
4000
3 daqiqa o‘qiladi

Hongkong Goldman Sachs’ga 350 million dollar jarima soldi 

Foto: Reuters

Hongkongning qimmatbaho qog‘ozlar va fyucherslar bo‘yicha komissiyasi (SFC) Goldman Sachs bankining Osiyodagi bo‘limini o‘zi uchun rekord qiymatga – 350 mln dollar miqdorida jarimaga tortdi. AQSh banki “jiddiy kamchiliklar va xatarlarni yetarlicha boshqarmaslik, pul yuvishga qarshi yetarlicha kurashmaslik”da aybdor deb topilgan. 
        
Bu harakatlar bankka 1Malaysia Development Berhad (1MDB) jamg‘armasi tomonidan 2012 va 2013 yillarda obligatsiyalar joylashtirilishi davomida jalb qilingan 6,5 mlrd dollardan 2,6 mlrd dollarini noqonuniy o‘zlashtirishda yordam bergan.   

Malayziya jamg‘armasi bilan bog‘liq mojaro 2015 yilda avj olgan. Tekshiruv vaqtida u 11 mlrd dollar qarzga egaligi aniqlangan. Tergov malayziyalik yuqori lavozimli mansabdor shaxslar ishtirokidagi korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilgan va o‘shanda Malayziya bosh vaziri lavozimini egallagan Najib Razzoqning shaxsiy hisobraqamlarida yuqoridagi summadan 700 mln dollarni aniqlashga imkon bergan. Davlat jamg‘armasining qolgan mablag‘lari xorijiy amaldorlarga pora berish uchun sarflangan. Hozirda Razzoq korrupsiya uchun qamoq jazosini o‘tamoqda.

Joriy haftada AQSh banki o‘z aybini tan olishga va AQSh hukumatiga ushbu ish bo‘yicha ta'qiblarni to‘xtatish uchun 2,8 mlrd dollar to‘lab berishga rozi bo‘lgani ma'lum bo‘lgan. Bu kelishuv doirasida bank AQSh adliya vazirligiga 2,2 mlrd dollar jarima to‘laydi va noqonuniy topilgan 600 mln dollarni qaytarib beradi.

Iyulda esa Goldman Sachs ushbu ish bo‘yicha Malayziyaga 2,5 mlrd dollar to‘lab va 1MDB bilan bog‘liq aktivlardan daromad sifatida olingan 1,4 mlrd dollarni qaytarishga va'da berib,  Malayziya hukumati bilan barcha e'tirozlarni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishganini e'lon qilgan.

Shu tariqa, ushbu mojaro AQSh bankiga 7 mlrd dollarga aylanadi. The Wall Street Journal nashri kompaniya ushbu qiymatdan bir qismini bankning noqonuniy faoliyatiga javobgar bo‘lgan rahbarlaridan undirmoqchiligini ma'lum qilgan. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning amaldagi prezidenti Devid Solomon, undan avvalgi prezident Lloyd Blankfeyn va bankning boshqa boshqaruvchilaridan o‘nlab million dollar undiriladi.

Mavzuga oid