Jamiyat | 17:13 / 26.10.2020
13708
1 daqiqa o‘qiladi

M-39 yo‘lining Samarqand tumani hududidan o‘tgan qismi vaqtinchalik yopilmoqda

Samarqand viloyatining Samarqand tumani hududidagi baydarka va kanoeda eshkak eshish kanali yaqinida ko‘prik qurilayotgani sababli M-39 avtomobil yo‘li vaqtincha yopilmoqda.

Samarqand viloyat IIB YHXB axborot xizmati ma'lum qilishicha, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu yo‘lda avtomobillarning harakatlanishi aylanma yo‘l orqali tashkil etilyapti. Aylanma yo‘lda harakatlanish paytida haydovchilar uchun qulay bo‘lishi va harakat xavfsizligi ta'minlanishi uchun yo‘lning o‘rtasiga himoya to‘siqlari o‘rnatilgan. 

Yo‘lning yopilgan qismiga yetmasdan ogohlantirish belgilari va tunda yonib-o‘chadigan yo‘l belgilari o‘rnatilgan.

«Haydovchilardan yo‘lning ushbu qismida hushyor bo‘lib, tezlikni oshirmasdan harakatlanishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi viloyat IIB YHXB xabarida.

Ma'lumot uchun, M-39 xalqaro yo‘lining mazkur qismidan Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va qisman Samarqand viloyati aholisi poytaxt hamda vodiy viloyatlariga borishda foydalanadi.

Mavzuga oid