Markaziy bank PayPal tizimi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha izoh berdi
Markaziy bank PayPal xalqaro elektron pul tizimining O‘zbekistonda faoliyat yuritishi mumkinligi borasidagi xabarlar bo‘yicha izoh berdi.
Izohda aytilishicha, hozirgi kunda PayPal to‘lov tizimida elektron hamyonlarni O‘zbekiston hududida muomalaga chiqarilgan bank kartalarini biriktirgan holda pul mablag‘lari bilan to‘ldirish imkoniyati mavjud emas.
“Mazkur cheklovni ushbu to‘lov tizimi O‘zbekistonda biror davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan kelishmagan, muhokama qilmagan holda mustaqil ravishda o‘rnatgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 14 maydagi “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3724-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan PayPal kompaniyasi bilan o‘tkazilgan dastlabki muzokaralarda kompaniya yaqin kelajakda mazkur tizimni respublikada joriy etish rejalashtirilmaganligini bildirgan”, - deyiladi izohda.
Ta'kidlanishicha, Markaziy bank aholi va tadbirkorlik sub'yektlari uchun xorijiy to‘lov tizimiga ulanish, shuningdek, respublika banklari tomonidan muomalaga chiqarilayotgan Visa, MasterCard, UnionPay yoki “Mir” kartalarini xorijdagi elektron hamyonlarga biriktirish yuzasidan hech qanday cheklov o‘rnatmagan.
Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunda elektron pullar muomalasiga, shuningdek, to‘lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolatiga doir normalar o‘rin olgan.
Shunga ko‘ra, Markaziy bankning to‘lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolati respublika hududida faoliyat yurituvchi to‘lov tizimlari faoliyatiga tegishli bo‘lib, boshqa davlatlar, jumladan, AQShda tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan to‘lov tizimlariga taalluqli emas.
“Markaziy bankning to‘lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolati doirasida PayPal to‘lov tizimidagi O‘zbekistonda muomalaga chiqarilgan kartalarga nisbatan o‘rnatilgan cheklovni ma'muriy yo‘l bilan bekor qilish imkoniyati mavjud emas.
Qachonki PayPal to‘lov tizimi O‘zbekistonda tegishli bo‘linma ochib, milliy valuta – so‘mda to‘lovlar va amaliyotlarni amalga oshirmoqchi bo‘lsa (Rossiyada faoliyat yuritayotgan OOO NKO “PeyPal RU” kabi), u holda amaldagi qonunchilikka ko‘ra, PayPal Markaziy bankdan tegishli litsenziya olishi va o‘rnatilgan tartibda nazorat va kuzatuv ostida bo‘lishi talab qilinadi”, - deyiladi izohda.
Avvalroq, AKT vaziri O‘zbekistonda PayPal tizimiga ruxsat berilishi kutilayotganini aytgandi.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024