O‘zbekiston | 13:27 / 30.10.2020
7857
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy tavsiyanomalarning 300dan ortig‘i soxta bo‘lib chiqdi – DTM

“Bu yil DTMga abituriyentlardan jami 13 ming 107 ta harbiy tavsiyanoma taqdim etilgan. Tekshiruv natijalarida harbiy tavsiyanomalarning 300dan ortig‘i soxta ekanligi aniqlandi”. 

Foto: KUN.UZ

Bugun, 30 oktabr kuni, AOKAda “2020/2021 o‘quv yilida bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga qabul uchun o‘tkazilgan test sinovi yakunlari, tahlil va xulosalar” mavzusida Davlat test markazi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar xususida gapirdi.

“Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomalari bilan bog‘liq muammolar bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor. Shu sababli joriy yilda harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega jami 13107 abituriyentning 1828 nafari qayta tekshirildi.

Qayta tekshiruv natijalariga ko‘ra, 1828 abituriyentdan 1516 nafari tavsiyanomaga ega ekani, qolgan 312 nafari soxta ekanligi aniqlandi. Ya'ni 172 abituriyent safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilgani, 85 nafari harbiy xizmatni o‘tamagani va 55 nafari muddatli harbiy xizmatni o‘tgan bo‘lsa ham, harbiy tavsiyanomaga ega emasligi tasdiqlandi.

Davlat komissiyasi 6-son bayoni bilan, harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlarning 128 nafari davlat grantiga, 478 nafari to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etildi”, – deya izoh berdi Sardor Rajabov.

Mavzuga oid