Jahon | 11:55 / 31.10.2020
47011
6 daqiqa o‘qiladi

Eng yaxshi boshqarilayotgan 6 mamlakat

Mamlakat yaxshi boshqarilayotganini qanday aniqlash mumkin? Hukumatlar namunaviy jamiyatni yaratish uchun turli xil siyosat yuritadi. Ushbu siyosat qanchalik samaradorligi mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rni orqali o‘z isbotini topadi. Quyida xalqaro reytinglarga ko‘ra dunyoning eng yaxshi boshqariladigan 6 mamlakati sanab o‘tiladi.

Foto: shutterstock

Daniya

Skandinaviya mamlakatlari doimiy ravishda har bir ko‘rsatkichning yuqori darajalarini egallab keladi. Daniya esa ular orasida birinchi o‘rinda turadi. 2017 yilda Daniya ijtimoiy rivojlanish indeksining «Insonning asosiy ehtiyojlari» toifasidagi ko‘plab mavzularida, fuqarolarning ovqatlanish va sog‘liqqa bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishda deyarli mukammal darajani qo‘lga kiritgan.

Daniyadagi ijtimoiy tizim byurokratiyaga emas, ishonchga asoslangan. Hatto Germaniyada ham xodimlar va talabalar o‘z betobliklariga isbot sifatida doktordan ma'lumotnoma olishlari kerak bo‘lsa, daniyaliklar kasal bo‘lishganida ish joyiga qo‘ng‘iroq qilib, ishga borolmasligini aytib qo‘yishi kifoya qiladi. Daniyada hayot Yevropaning boshqa mamlakatlariga qaraganda qimmatroq. Shuningdek, Daniya YeIdagi eng yuqori soliqlarga ega. Mamlakatda xizmatlar aynan mana shu soliqlardan subsidiyalanadi.

Daniyaliklar do‘stlari bilan birgalikda suhbatlashishni va sham yorug‘ida tamaddi qilishni juda yaxshi ko‘radilar. Chet ellik talabalar esa moliyaviy yordam va bepul til kurslarida tahsil olishi mumkin.

Yangi Zelandiya

Indekslar reytingida Avstraliya va Yangi Zelandiya yonma-yon yuradi. Lekin Yangi Zelandiya siyosiy barqarorlik, asosiy huquqlarning rivojlanishi, zo‘ravonlik va terrorizmning kamligi bo‘yicha Avstraliyadan oldinda bormoqda.

Yangi Zelandiya 1893 yilda ayollarga ovoz berish huquqini bergan birinchi mamlakat hisoblanadi. Bundan tashqari, yolg‘iz onalar, voyaga yetmagan bolalar, talabalar va qariyalar uchun mo‘ljallangan ko‘plab ijtimoiy yordam va xizmatlar mavjud.

Kanada

AQSh va Kanada ham barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallaydi. Shunga qaramasdan, Kanada siyosiy barqarorlikning mavjudligi, zo‘ravonlik va terrorizmning kamligi jihatidan Amerikaga qaranganda yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Kanada ovqatlanish va sog‘liq, asosiy bilimlar va shaxsiy huquqlar borasida Skandinaviya mamlakatlaridan qolishmaydi. Shuningdek, kanadaliklar adolatliligi bilan ham tanilgan.

Yaponiya

Jahon bankining hukumat samaradorligi, qonun ustuvorligi va siyosiy barqarorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Yaponiya Osiyodagi eng yuqori reytingga ega mamlakatdir. Osiyoda ijtimoiy rivojlanish indeksida, asosiy ma'lumotlardan foydalanish, suv va sanitariya, ovqatlanish va sog‘liqni saqlash xizmatlari bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.

Yaponlar ijtimoiy va davlat xizmatlariga katta ahamiyat beradi. Har bir inson tibbiy sug‘urtaga ega. To‘lovlar ish haqi bilan bog‘liq va to‘g‘ridan to‘g‘ri ish haqidan ushlab qolinadi. Ammo har kim xohlagan shifokoriga murojaat qilishi mumkin va ushbu xizmatlarga bir xil miqdorda narx o‘rnatilgan. Shuningdek, dunyodagi eng yaxshi onkolog shifokorlar Yaponiyadadir.

Botsvana

Botsvana Afrikadagi eng kuchli hukumat tizimiga ega. Qonun suvereniteti indeksida, ayniqsa, pora bilan kurashish bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallaydi. 1994 yilda tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi komissiya poraxo‘rlikda ayblangan mansabdor shaxslarni tergov qilish va jazolashni samarali ravishda davom ettirmoqda.

Bundan tashqari, olmos konlaridan keladigan daromad mamlakatda teng ravishda taqsimlanadi. Botsvana aholisi muammolarini ichki nizolar orqali emas, o‘zaro muhokamalar bilan hal qilish kerak, deb hisoblaydi. Shaxs erkinliklari, matbuot erkinligi va mulk huquqlariga katta ahamiyat beriladi. Ushbu mamlakat irq, til va jinsni kamsitmaydigan va adolatsizlikka qarshi kurashadigan jamiyatga ega.

500 kishidan ortiq aholisi bo‘lgan har bir qishloqda maktablar va sog‘liqni saqlash markazlari mavjud. Botsvana OIV/OITS epidemiyasiga qarshi kurashda birinchi qadamlarni qo‘ygan mamlakatlardan bo‘lib, OIV bilan kasallangan har bir kishiga bepul dori-darmon beriladi.

Botsvana hukumati atrof-muhitni muhofaza qilish borasida ham muhim qadamlar tashlagan. Turizmdan tushadigan daromadning katta qismi milliy bog‘lar va yovvoyi tabiatni muhofaza qilishga ajratiladi.

Chili

Chili korrupsiyaga qarshi kurash, shuningdek, shaffoflik, asosiy ma'lumotlar va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishda Lotin Amerikasining eng barqaror mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Byurokratiya bilan hech qanday muammo mavjud emas. Chet elliklarning mulkni sotib olish jarayoni bir necha hafta ichida yakunlanadi. Immigratsiya uchun ariza berish jarayoni biroz uzoq bo‘lsa-da, yashash muammosi hal qilingandan keyin ushbu mamlakatda istiqomatni davom ettirish deyarli qiyin emas.

Chilida tibbiy sug‘urta juda samarali va qimmat emas. Chilining eng kuchli sohalari - yo‘llar, suv va elektr energiyasi kabi sifatli infratuzilma xizmatlari. Chet elliklarga nisbatan ochiq va do‘stona munosabat mavjud bo‘lsa-da, qat'iy ijtimoiy sinf tizimi mamlakatning yuqori ijtimoiy doiralariga kirishni qiyinlashtirishi mumkin.

Mavzuga oid