Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh-2020: agar nomzodlardan biri mag‘lubiyatni tan olmasa nima bo‘ladi?
AQShda 3 noyabr kuni Donald Trampning Oq uyda qolish-qolmasligi hal bo‘ladi. Respublikachi prezidentga Demokratik partiya nomzodi Jo Bayden raqiblik qilmoqda. O‘tgan asrning 70-yillaridan buyon siyosat bilan mashg‘ul bo‘lgan Bayden Barak Obama hukumatida vitse-prezident edi.
Saylovchilar nega prezidentni to‘g‘ridan to‘g‘ri saylamaydi?
AQShda 200 yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan ikki bosqichli saylov tizimi mavjud.
Saylovda ishtirok etuvchi fuqarolar o‘zlari ro‘yxatdan o‘tgan shtatning Saylov hay'atiga yuborish uchun delegatlarni, delegatlar esa prezident va vitse-prezidentni saylaydi.
Saylov hay'atida 538 delegat bor. Ushbu kengashda esa shtatlar aholisi soniga ko‘ra ma'lum miqdordagi delegatlar mavjud.
Men va Nebraskadan tashqari barcha shtatlarda saylovda g‘olib chiqqan nomzod barcha delegatlarni yutgan hisoblanadi. Men va Nebraskada esa shtat delegatlari nomzodlar olgan ovozlar foiziga ko‘ra taqsimlanadi.
Prezident etib saylanish uchun nomzodlardan biri saylov qo‘mitasida umumiy hisobda eng kamida 270 delegatga ega bo‘lgan shtatlarda g‘olib chiqishi kerak.
Delegatlar soni muhim bo‘lgani bois amalda mamlakat bo‘ylab eng ko‘p ovoz olgan nomzod prezident etib saylana olmagan holatlar ham kuzatilgan.
Buning so‘nggi misoli sifatida 2016 yilgi saylovlarni keltirish mumkin. O‘shanda demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Hillari Klinton Donald Trampdan 3 milliondan ko‘proq ovoz olganiga qaramay, yetarli miqdordagi delegatlar sonini qo‘lga kiritmagani uchun prezidentlikka saylana olmagandi.
Ushbu tizim AQSh tashkil topishi davrida prezidentlik saylovlarida barcha shtatlarga yetarlicha fikr bildirish imkonini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda esa mazkur tizim vaqti-vaqti bilan tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda. Tizimni isloh qilish tarafdorlari uning demokratiya va vakillik uchun mos emasligini ta'kidlashmoqda.
Tizimni himoya qiluvchilar esa uning AQShdagi federal tuzilmaning asoslaridan biriligini va u siyosiy barqarorlikni ta'minlovchi tizim ekanini aytishadi.
Faqat ikkita siyosiy partiya bellashadimi?
Yo‘q. Ammo AQSh siyosatida uzoq vaqtdan beri ikki partiya hukmronlik qilmoqda.
1860-yillardagi Amerika fuqarolar urushidan keyingi barcha saylovlarda Demokratik yoki Respublikachilar partiyasi nomzodlari g‘olib bo‘lishgan.
Qayd etish joiz, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp va Demokratik partiyadan nomzod Jo Baydendan tashqari boshqa nomzodlar ham «musobaqa»da ishtirok etishmoqda.
Masalan, akademik va huquq himoyachisi Jo Jorgensen Ozodlik partiyasining, Haui Hokins esa Yashil partiyaning prezidentlikka nomzodi sifatida ushbu saylovlarda qatnashmoqda.
Bundan tashqari, orasida reper Kane Uest ham bo‘lgan yettita mustaqil nomzod ham turli shtatlarning saylov byulletenlariga kirish huquqiga ega bo‘lishdi.
Nima uchun AQShdagi saylovlar uzoq davom etadi? Pochta orqali ovoz berish saylovlarda korrupsiya ehtimolini oshiradimi?
Uzoq muddatli saylovlarning asosiy sababi ovoz berish jarayonining bir necha hafta oldin boshlanishidir.
Boshqacha qilib aytganda, 3 noyabr aslida, ovoz berishning oxirgi, sanoq boshlanadigan kunning esa dastlabki nuqtasidir.
AQShning aksariyat shtatlari saylovchilarga pochta orqali yoki oldindan shaxsan ovoz berish imkonini taklif qiladi. Ushbu masalaga oid tartib-qoidalar butunlay shtatlarning vakolatiga kiradi.
Bu yil koronavirus epidemiyasi tufayli pochta orqali va muddatidan oldin ovoz berishlar sonida sezilarli o‘sish kuzatildi.
Prezident Tramp va uning jamoasi pochta orqali ovoz berish adadining ortishi qonun buzilish holatlariga yo‘l ochishi mumkinligini da'vo qilmoqda. Biroq tadqiqotlar noqonuniy ravishda ovoz berish ehtimoli juda past ekanligini ko‘rsatmoqda.
Brennan Center tahlil markazi 2017 yilda o‘tkazilgan tadqiqotida AQShda noqonuniy tarzda berilgan ovozlarning nisbati umumiy ovozlarning o‘rtacha 0,00004 dan 0,0009 foizgacha tashkil etganini ma'lum qildi.
Nomzodlardan biri natijalarni tan olmasa, jarayon qanday kechadi?
Bu – AQShda bir muncha vaqtdan beri kun tartibida bo‘lib turgan masalalardan biridir.
Qolaversa, prezident Tramp o‘zi bilan o‘tkazilgan ba'zi intervyularda agar saylovlarda yutqazsa, natijalarni tan olish-olmasligini aniq va ravshan tarzda bildirmagani bu boradagi munozaralar yanada kuchayishiga sabab bo‘ldi.
Kim g‘olib bo‘lganini uzoq vaqt davomida aniqlashtirilishi esa AQShni konstitutsiyaviy inqirozga olib boradi va ko‘chada tartibsizliklarga sabab bo‘luvchi ziddiyatlarni keltirib chiqaradi, degan xavotirlar mavjud.
AQSh Konstitutsiyasiga muvofiq, prezidentlik saylovlarida muammolar yuzaga kelgan taqdirda vaziyatga Oliy sud va Kongress aralashadi.
2000 yilda bo‘lib o‘tgan saylovlar ham Oliy sudga topshirilgan edi. O‘shanda sud Florida shtatidagi ovozlarni sanash bo‘yicha Respublikachilar partiyasidan nomzod Jorj Bushning foydasiga qaror chiqargandi. Demokratik partiyadan nomzod Albert Gor esa bu masalani Kongressga olib chiqmay, mag‘lubiyatini tan olgandi.
Kongressda normal sharoitda ramziy ma'noda rivojlanib boradigan bu jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Agar bu yil e'tirozlar davom etgudek bo‘lsa, ushbu jarayon muammoli tarzda kechishi mumkin.
Birinchi bosqichda, e'tirozlar to‘g‘risida qaror qabul qilishlari uchun shtatlarga 8 dekabrga qadar vaqt beriladi. Shtatlar ushbu e'tirozlarni hal qiladi. 14 dekabr kuni esa saylov hay'atiga yuboriladigan delegatlarning ovoz berish sanasidir.
Ikkinchi bosqichda yangi saylangan Kongressning har ikkala qanoti 6 yanvar kuni saylov hay'atining ovozlarini hisoblash uchun Senat raisi vitse-prezident Mayk Pens boshchiligida qo‘shma majlis o‘tkazadi.
Agar nomzodlar o‘rtasidagi kelishmovchilik va e'tirozlar ana shu vaqtga qadar hal etilmasa, uchinchi bosqichda inqirozning o‘sib borishi xavotiri mavjud. Shunga o‘xshash holat 1876 yilgi saylovlarda yuz bergan va o‘shanda ba'zi shtatlardan Kongressga ikki farqli nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi delegatlar ovozi yuborilgandi.
O‘sha paytda ushbu inqiroz 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimidan atigi ikki kun oldin hal qilingan edi. Agar prezident inauguratsiyaga qadar e'lon qilinmasa, Oq uyga vaqtinchalik prezident ko‘chib o‘tishi ko‘zda tutilgan.
Saylovni yoki saylov natijalarni kechiktirish ehtimoli bormi?
Ushbu bosqichda saylovni kechiktirish ehtimoli yo‘q.
Ammo pochta orqali va shaxsan berilgan ovozlar soni ortishi sanash jarayonining cho‘zilishiga olib kelishi mumkin.
Har bir shtat sanash jarayoni bo‘yicha o‘z qoidalariga ega.
Masalan, «beqaror» shtatlardan biri sifatida ko‘rsatilgan Arizonada muddatidan oldin berilgan ovozlarni sanash jarayoni boshlandi. Saylov kuni berilgan ovozlar hisoblab chiqilgach, ushbu shtat natijalarni saylov kechasi e'lon qilishi kutilmoqda.
Biroq boshqa shtatlarda birinchi navbatda saylov kuni shaxsan berilgan ovozlarga ustunlik saqlanadi. Ular orasida Pensilvaniya va Ohayo kabi muhim shtatlar mavjud.
Tramp pochta orqali berilgan ovozlarni kutmay, o‘z prezidentligini e'lon qilishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, nima bo‘ladi?
Bunga hech qanday to‘siq yo‘q. Bundan tashqari, bu keyingi davrlarda AQSh matbuotida tez-tez muhokama qilinadigan ssenariylardan biri.
Ushbu ssenariy «qizil sarob» deb nomlanadi.
Ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Trampni qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar muddatidan oldin ovoz berish o‘rniga, saylov kuni shaxsan ovoz berishni ma'qul ko‘rishadi.
Shu bois, sanash jarayonida saylov kuni berilgan ovozlarni birinchi o‘ringa qo‘yuvchi ba'zi «beqaror» shtatlardan keluvchi ilk natijalar Trampning foydasiga bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, pochta orqali yoki shaxsan ovoz berishni afzal ko‘ruvchi saylovchilar asosan Baydenning tarafdorlaridir.
Shu sababli ekspertlar e'lon qilingan dastlabki natijalar chalg‘ituvchi bo‘lishi mumkinligi va ba'zi shtatlarda vaziyat aniqlanishi uchun vaqt talab qilinishi haqida ogohlantirishmoqda.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, Trampning o‘zini g‘olib deb e'lon qilishi va natijalar o‘zgargan taqdirda esa mag‘lubiyatni qabul qilmasligi AQShda jiddiy konstitutsiyaviy inqirozni keltirib chiqarishi mumkin.
AQShda yashamaydigan amerikaliklar qanday ovoz beradi?
Ular pochta orqali ovoz berishadi. AQSh konsulliklari yoki elchixonalarida saylov kuni saylov qutilarini o‘rnatish amaliyoti mavjud emas.
AQShning Turkiyadagi elchixonasi veb-saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, saylovchilar dastlab ro‘yxatdan o‘tishlari va ovoz byulletenlarini talab qilishlari lozim.
Ular byulletenlarni qabul qilib olgach, uni to‘ldirishadi va pochta orqali jo‘natishadi. Ular, shuningdek, saylov byulletenlarini yashash hududlaridagi AQSh vakolatxonalariga shaxsan o‘zlari olib borishlari ham mumkin. Bunday holda, byulletenlar tegishli saylov kengashiga diplomatik vakolatxona tomonidan yetkaziladi.
Byulletenlar ba'zi shtatlar tomonidan faks yoki elektron pochta orqali ham qabul qilinadi.
So‘rovnomalar 2016 yildagidek yanglish bo‘lib chiqadimi?
Bu savolga faqat natijalar aniq bo‘lgandagina javob berish mumkin.
2016 yilda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovnomalar Klintonning bir necha pog‘ona oldindaligini ko‘rsatgandi.
Agar Klinton Trampdan jami 3 milliontadan ko‘proq ovoz to‘plagani hisobga olinsa, so‘rovnomalarning unchalik ham noto‘g‘ri emasligi ma'lum bo‘ladi.
Qolaversa, so‘rovnoma o‘tkazishga ixtisoslashgan kompaniyalarning to‘rt yil oldingi namunalarida muammolar mavjud bo‘lgani aytilmoqda.
Bu esa Trampning ba'zi muhim shtatlarda ustunlikka erishgani poyganing so‘nggi bosqichlariga qadar tushuna olinmaganining asosiy sababi sifatida keltiriladi. Ammo ko‘plab so‘rovnoma kompaniyalari ushbu muammoni hal qilganliklarini ta'kidlashmoqda.
Muddatidan oldin ovoz berishning ortishi va 2016 yilda sodir bo‘lgan voqealar bugun ko‘pchilikning anketalar masalasiga ehtiyot bo‘lib yondashishiga sabab bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
15:23 / 25.05.2025
Jo Bayden saratonga chalingani e’lon qilinganidan keyin birinchi marta omma oldida ko‘rinish berdi
19:09 / 19.05.2025
Bayden saratonga chalingani haqidagi xabarlarga izoh berdi
09:57 / 19.05.2025
Tramp saraton kasalligi aniqlangan Baydenni qo‘llab-quvvatladi
08:24 / 19.05.2025