O‘zbekiston | 18:48 / 03.11.2020
7936
2 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar IIVning ma'muriy ishlarga doir qonun loyihasini rad etishdi

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi IIV tashabbusi bilan kiritilgan qonun loyihasi muhokama qilinayotganligini xabar bergan edik.

Qonun loyihasiga ko‘ra ayrim toifadagi huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish jarayonida huquqbuzar sodir etgan qoidabuzarligiga iqror bo‘lib, belgilangan jarimani sudgacha bo‘lgan muddatda to‘lash istagini bildirsa yoki jabrlanuvchining huquqbuzarlik sub'yektiga nisbatan da'vo arizalari yo‘qligi ma'lum bo‘lsa, ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma'muriy sudlardan ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari vakolatiga o‘tkazilishi nazarda tutilayotgan edi.

Bugun 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Ichki ishlar vazirligining mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan rad etildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Deputatlar bunday vakolatlarning ma'muriy sudlardan Ichki ishlar profilaktika inspektorlariga o‘tkazilishi inson huquqlarini ta'minlashda odil sudlovni amalga oshirishga zid kelishi, korrupsiya alomatlarining kelib chiqishiga olib kelishi, huquqni qo‘llashda sub'yektivlik paydo bo‘lishi, profilaktika inspektorlariga norasmiy rejalar qo‘yilishiga hamda fuqarolarda e'tirozlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkinligi kabi vajlarni keltirib o‘tishgan.

Ovoz berish jarayonida mazkur qonun loyihasi ko‘pchilik deputatlarning qarshi ovoz berishi natijasida rad etilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid