Jahon | 21:36 / 04.11.2020
26523
2 daqiqa o‘qiladi

Aliyev Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘dagi urushni to‘xtatishga tayyorligini aytdi

Ilhom Aliyevning qayd etishicha, «urush qancha tez tugasa, shuncha yaxshi bo‘ladi».

Foto: president.az

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev agarda Yerevan bosib olingan hududlardan qo‘shinlarini olib chiqib ketish majburiyatini olsa, Boku Tog‘li Qorabog‘dagi urushni to‘xtatishga tayyorligini aytdi. U bu haqda La Repubblica nashriga bergan intervyusida ma'lum qildi.

«Agar Armaniston bosh vaziri qolgan hududlarni tark etish majburiyatini olsa, biz bugunoq to‘xtashga tayyormiz. U hozircha bunday majburiyatni olmadi», — dedi Aliyev.

Uning qayd etishicha, «urush qancha tez tugasa, shuncha yaxshi bo‘ladi».

Aliyev BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi tamoyillariga ko‘ra, avval beshta, so‘ngra yana ikkita rayondan chiqib ketish zarurligini eslatdi.

«Biz bir tomonlama tartibda to‘rtta rayonni bo‘shatdik. Shu bois Pashinyan Ag‘dam, Kelbejar, Lochin rayonlarining bosib olingan hududlaridan qo‘shinlar olib chiqib ketilishini aytishi kerak. Ammo u bunday bayonot bermayapti. Bu uning urush to‘xtashini istamayotganini bildiradi», — dedi Aliyev.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armaniston egallab turgan yettita rayon Ozarboyjonga berilishi mumkinligini aytgandi.

Tog‘li Qorabog‘ hududida 27 sentyabrdan buyon janglar davom etmoqda. Rossiya va AQSh vositachiligida bir necha marta gumanitar sulh e'lon qilinishiga qaramasdan, Armaniston va Ozarboyjon o‘zaro hujumlarni to‘xtatmayapti.

Mavzuga oid