O‘zbekiston | 22:57 / 16.11.2020
12551
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi 26ta ko‘prik ayanchli holatga kelib qolgani ma'lum qilindi

Mazkur ko‘priklarni saqlashga mas'ul bo‘lgan korxonalar tomonidan ularni ta'mirlash, tayanchlarini himoyalash bo‘yicha lozim bo‘lgan chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

Foto: O‘zyo‘linspeksiya

Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan respublikadagi ko‘priklar holati o‘rganilganida, daryo va soylarning o‘zanlaridan tosh, qum va shag‘alning nazoratsiz va noqonuniy ravishda qazib olinishi natijasida ayrim ko‘priklarning oraliq tayanchlari kritik qiymatlardan ortiqcha yuvilib ketganligi aniqlandi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

 “Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi 342-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta'minlash va tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 26-bandiga ko‘ra, daryolardagi ko‘priklardan – o‘zan bo‘ylab yuqoriga va pastga qarab 2,5 kmgacha bo‘lgan masofada qum va toshlar qazib olish uchun karerlar barpo etish taqiqlangan”, deyiladi xabarda.

 Qayd etilishicha, mazkur talab bajarilmaganligi oqibatida suv o‘zani sathining pasayishi sababli Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida barpo qilingan 26ta ko‘prikning tayanchlari kritik holatga kelib qolgan.

 Jumladan, Samarqand viloyatidagi Qoradaryo, Zarafshon, Oqdaryo, “Darg‘om” kabi daryo va kanallar ustiga qurilgan 10ta, Surxondaryo viloyatidagi Obizarang, To‘palang, Surxon, Oltinsoy daryolari ustidan o‘tgan 6ta, Qashqadaryo viloyatidagi 4ta, Jizzax viloyatidagi Sangzor daryosi ustidan o‘tgan 3ta, Toshkent viloyatidagi Chirchiq va Angren daryolari ustidan o‘tgan 2ta hamda Andijon viloyatidagi Aravonsoy ustidan o‘tgan 1ta ko‘prik joylashgan o‘zanlarda karerlar faoliyati tugatilmagan. Ya'ni ular noqonuniy ravishda o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqda. Bundan tashqari mazkur ko‘priklarni saqlashga mas'ul bo‘lgan korxonalar tomonidan ularni ta'mirlash, tayanchlarini himoyalash bo‘yicha lozim bo‘lgan chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

Inspeksiya tomonidan ko‘priklarning tayanchlarini yuvilishdan saqlash, yaroqsiz holga kelib qolishining oldini olish, noqonuniy karerlar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli axborotlar kiritildi.

Mavzuga oid