O‘zbekiston | 21:53 / 17.11.2020
21160
3 daqiqa o‘qiladi

Senator: PhD va fan doktorlari sun'iy ravishda ko‘payib ketyapti

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori, senator Shavkat Ayupov so‘nggi paytda ilmiy daraja olish ishlari sun'iy oshirilayotganini bildirdi. Uning aytishicha, ilmiy darajadagi fan nomzodi yoki PhD maqomidagi ilmiy xodim yoxud pedagogika vakilining maoshiga ustama to‘lanishi ularning sun'iy ko‘payishiga turtki bo‘lmoqda.

Hukumatning «Ilm-fan va ta'lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi qarori bilan Ilm-fan va ta'lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga ilmiy darajasiga qarab, ustama qo‘shib berilishi belgilangandi.

16 noyabr kuni o‘tkazilgan Senat qo‘mita yig‘ilishida Shavkat Ayupov yuqorida ta'kidlangan masalani tanqid qilib, dissertatsiya himoya ishlariga jiddiy e'tibor qaratishni taklif etdi.

«Bizning (O‘zbekistonda yoqlanayotgan – tahr.) ayrim dissertatsiyalarimiz Rossiyadan olingan, faqat ko‘chirmakashlik bilan o‘zbekchaga tarjima qilingan va himoya qilinmoqda. Bunday hollar bir nechta ishlarda kuzatildi. Oliy attestatsiya komissiyasida antiplagiat dastur bor, ammo u o‘zbek tilidagi resurslardan tashkil topgan. Bizga aynan rus tilida chiqqan ishlar bilan solishtira oladigan antiplagiat kerak. Albatta, uzoq xorijdan hech kim olmaydi. Negaki, ularda (uzoq xorij davlatlarida – tahr.) bunday tizimlar (mahalliyga o‘xshash – tahr.) yo‘q. Rossiyaniki bizga to‘g‘ri keladi. Shu yerda betma-bet ko‘chirib, himoyaga chiqayotgan odamlar bor. Son emas, sifatga e'tibor qaratish kerak», — dedi u.

Olimpiya qo‘mitasi rahbarining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari Iskandar Mavlonovning shu yil mart oyida tashkil etilgan matbuot anjumanida bildirishicha,  Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 23ta yo‘nalish qamrab olinganiga qaramay, 3 yilda yoqlangan 3450ta dissertatsiyaning 585tasi tibbiyotga oid.

Ma'lumot uchun, 5 noyabr kuni 2030 yilgacha ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi e'lon qilingan. Unda ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan. 

Mavzuga oid