O‘zbekiston | 12:22 / 22.11.2020
28246
2 daqiqa o‘qiladi

Qibrayda gaz portlashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi

21 noyabr kuni Qibray tumanidagi uylardan birida gaz-havo aralashmasi chaqnab, uyning bir qismi qulashi oqibatida ota va bola halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«2020 yil 21 noyabr soat 19:16larda Qibray tumani, Guliston-3 ko‘chasi, 15-uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi. Chaqnash oqibatida uyning bir qismi qulab tushdi, qolgan qismining devorlari va shifti hosil bo‘lgan kinetik zarba natijasida deformatsiyaga uchragan.

FVV tomonidan olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari vaqtida uy vayronalari ostidan soat 19:45da uy egasi X.N og‘ir ahvolda olib chiqilib, Toshkent shahar 7-sonli klinik kasalxonasiga yotqizildi, olib borilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor soat 20:45da vafot etgan.

Shuningdek, olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida soat 23:06da uy egasining o‘g‘li A.A. ning jasadi topildi.

Gaz-havo aralashmasining chaqnashi xonadon yonidan o‘tgan yer osti gaz quvuridan tabiiy gaz sizib chiqib, xonadonning yerto‘la qismiga to‘planishi taxmin qilinmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Voqea joyiga viloyat hokimligi, FVB, IIB, SSB, prokuratura va boshqa tegishli idoralarning kuch va vositalari jalb etilib, avariya tiklash va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid