Fan-texnika | 10:33 / 22.11.2020
21221
4 daqiqa o‘qiladi

Time 2020 yilning eng yaxshi ixtirolarini ma'lum qildi

Foto: Time

AQShda chop etiluvchi nufuzli Time jurnali o‘z talqiniga ko‘ra 2020 yilning eng yaxshi ixtirolarini ma'lum qildi. Yakunlanayotgan yilning eng yaxshi ixtirosi uchun bosh mukofotni ko‘krak saratonini tashxislash uchun mo‘ljallangan ixcham qurilma loyihasi oldi.

Time nihoyalab borayotgan 2020 yilga yakun yasashni boshladi. Nashr joriy yilda paydo bo‘lgan eng yaxshi 100ta ixtiro ro‘yxatini tuzdi. Ro‘yxat 21 noyabrda nashr saytida e'lon qilindi.

Ro‘yxatni tuzishda jurnalning butun dunyodagi muharrirlari va jurnalistlari ishtirok etgan. Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar onlayn shaklda qabul qilingan, so‘ngra har bir nomzod bir qator ko‘rsatkichlar, jumladan o‘ziga xoslik, samaradorlik, sanoatga ta'siri bo‘yicha baholangan.

Nashr saytida ixtirolar ekologiya, salomatlik, gajyetlar va shu kabi yo‘nalishlar bo‘yicha saralangan. Ixtirolar orasida ko‘plab antiqa ixtirolarni uchratish mumkin.

Ro‘yxatga kiritilgan e'tiborni tortuvchi ixtirolar sifatida yolg‘iz kishilar uchun mo‘ljallangan robot-it, jismoniy mashg‘ulotlar uchun virtual reallik ko‘zoynaklari, uy planetariysi, smartfon uchun dezinfektor funksiyasiga ega quvvatlash dok-stansiyasi, tish pastasi uchun ekologik qadoq, aqlli asalari uyasini aytish mumkin.

Nashr tuzgan ro‘yxatda oddiy odamlar hayotda to‘qnash kelishi dargumon bo‘lgan ixtirolar ham talaygina, biroq ular orasida ko‘plab ommalashgan gadjetlar ham bor.

2020 yil ixtirolari orasida virus va bakteriyalardan himoyalovchi mis kurtka, 90 daraja burchakka burish mumkin bo‘lgan Samsung The Sero televizori, elektr bolalar aravachasi, quruvchilarga gaplashishga, video yozishga imkon beruvchi va atrofdagi xavfli materiallardan ogohlantiruvchi “aqlli” kaska, 88 km/soat tezlik bilan yura oladigan va standart avtomobil qo‘yish joyining bor-yo‘g‘i chorak qismini egallovchi kichik o‘lchamli City Transformer elektromobili bor.

Shuningdek, ro‘yxatda noutbukka aylanuvchi Microsoft Surface Duo smartfoni, suvni ultrabinafsha nurlar bilan 60 soniyada virus va bakteriyalardan tozalovchi qurilma, inson fikrlarini o‘qiy oluvchi Lab AlterEgo qurilmasi, bor-yo‘g‘i 2 sm qalinlikka ega LG televizori, yuvish mumkin bo‘lgan va zararli moddalardan 99,6 foizga himoyalovchi yuz niqobi, yurak qisqarishlari chastotasi, uyqu sifati va tana haroratini o‘lchovchi “aqlli” uzuk kabi ixtirolarni ham uchratish mumkin.

Virus va bakteriyalardan himoyalovchi, misdan tayyorlangan kurtka Vollebak Full Metal Jacket.
Foto: Time
Yurak qisqarishlari chastotasi, uyqu sifati va tana haroratini o‘lchovchi “aqlli” uzuk Oura Ring.
Foto: Time
Noutbukka aylanuvchi Microsoft Surface Duo smartfoni.
Foto: Time
Yuvish mumkin bo‘lgan va zararli moddalardan 99,6 foizga himoyalovchi yuz niqobi Breathe99 B2
Foto: Time
City Transformer elektromobili.
Foto: Time
Inson fikrlarini o‘qiy oluvchi Lab AlterEgo qurilmasi.
Suvni ultrabinafsha nur bilan virus va bakteriyalardan tozalovchi qurilma CrazyCap.
Foto: Time

Mavzuga oid