O‘zbekiston | 15:20 / 28.11.2020
32786
2 daqiqa o‘qiladi

Elektr ta'minotidagi uzilishlarning asosiy sabablari ma'lum qilindi

Bugun, 28 noyabr kuni, AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘rinov elektr tarmoqlaridagi uzilish holatlari yuzasidan ma'lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, elektr ta'minotidagi uzilishlarda asosan 2ta yirik omil mavjud.

“Birinchisi, bu elektr tarmog‘iga turli texnik va iqlim sharoitlari bilan bog‘liq ta'sirlar. Masalan, tarmoq simlariga daraxt shoxlari yoki sim arqonlarining tegishi, qurilish ishlarida yo‘l qo‘yiladigan ehtiyotkorsizlik tufayli ta'sir, kuchli shamol va yomg‘irlar ta'siri, elektr uskuna va jihozlarining eskirishi tufayli nosoz holga kelishi yoki 200 ta xonadonga mo‘ljallangan transformatorlarga 300–400 ta xonadonning ulanishi oqibatida kelib chiqadigan nosozliklar. 

Albatta, bu nosozliklar bartaraf etilayotgan paytda xavfsizlik texnikasi talablariga muvofiq tarmoqqa ulangan iste'molchilar vaqtincha tarmoqdan uzilib turiladi.

Ikkinchisi, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste'mol o‘rtasidagi tafovut tizimning yaxlitligiga, barqaror faoliyatiga salbiy ta'sir etganda ma'lum texnik shartlar asosida tarmoqdan jadvalli uzishlar sodir bo‘lishi mumkin”, - dedi Ulug‘bek O‘rinov.

Bildirilishicha, elektr ta'minotida muvozanatni saqlash mahalliy dispetcherlar va Milliy dispetcherlik markazi dispetcherlari tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid