O‘zbekiston | 13:23 / 05.12.2020
7587
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi tashkil etildi

Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 4 dekabr kuni 959-son bilan “O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi” davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, assotsiatsiyaning asosiy maqsadi volontyorlik faoliyatini tashkil etishga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish, insonparvarlik, bag‘rikenglik hamda hamjihatlilikni qo‘llab-quvvatlash hamda volontyorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Assotsiatsiyaning tashkil etilganligini “5 dekabr – Xalqaro volontyorlar kuni”ga munosib sovg‘a deb hisoblash mumkin, deyiladi xabarda. 

Bugungi kunda 80dan ortiq mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Ko‘ngillilar sektori jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy bo‘lagini tashkil etadi.

Mamlakatda ham volontyorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Unga ko‘ra, volontyorlik orqali kam ta'minlanganlarga, ko‘p bolali oilalarga, boshpanasizlarga yordam ko‘rsatish, bemorlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, qariyalarni parvarishlash, sport, madaniy va boshqa tadbirlarni tashkil etishga ko‘maklashish hamda boshqa usullarda xayriya ishlarini amalga oshirish mumkin.

Qonun davlat organlariga volontyorlar (volontyor guruhlar, volontyor tashkilotlar) bilan ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida shartnomalar tuzish orqali ularni qo‘llab-quvvatlash imkonini berdi.

Mavzuga oid