Jahon | 12:26 / 11.12.2020
12987
2 daqiqa o‘qiladi

Time jurnali «Yil odami»ni e'lon qildi

“2020 yil odami” e'tirofi AQShning yangi saylangan prezidenti Jo Bayden va bo‘lajak vitse-prezident Kamala Xarrisga nasib qildi.

Time jurnali “Yil odami” sifatida birdaniga ikki nomzod AQShning yangi saylangan prezidenti Jo Bayden va bo‘lajak vitse-prezident, bu lavozimni egallayotgan birinchi ayol Kamala Xarrisni tanlab oldi, deb yozmoqda BBC nashri.

“Jo Bayden va Kamala Xarris birligi tarixiy ahamiyatga ega”, - deya tvit qoldirilgan Time jurnali sahifasida.

Demokratik juftlik o‘zi uchun raqib bo‘lgan Donald Tramp, bosh infeksionist Entoni Fauchi va tibbiyot xodimlari nomzodlarini ortda qoldirdi.

Time jurnali bosh muharriri Edvard Felsental ikki siyosatchining “Amerika hikoyasini o‘zgartirgani, hamdardlik g‘azabdan ustun ekanini ko‘rsatgani, qayg‘uli dunyoda sog‘ayish hissini baham ko‘rayotgani” haqida yozdi.

Time 1927 yildan buyon yilning eng kuchli ta'sirga ega kishisini e'lon qilib kelmoqda. 2019 yilda ekologiya faoli, maktab o‘quvchisi Greta Tunberg “Yil odami” deb topilgan edi

2019 yildan nashr “Yilning eng yaxshi ishbilarmoni”, “Yil sportchisi”, “Yil posbonlari” kabi yo‘nalishlarda ham reyting e'lon qilishni boshladi.

Joriy yil basketbol yulduzi Lebron Jyeyms “Yil sportchisi” deb e'lon qilindi

Mavzuga oid