Jamiyat | 19:02 / 12.12.2020
12459
3 daqiqa o‘qiladi

Mirobodda tadbirkorning binolarini buzish ma'muriy sud qarori bilan to‘xtatildi

Ishi Oliy sudda ko‘riladigan tadbirkor MIB Mirobod tumani bo‘limi mansabdor shaxslarining o‘ziga tegishli inshootlarni buzish bilan bog‘liq xatti-harakatlarini qonunga xilof, deb topish va ijro harakatlarini to‘xtatib turishni so‘rab Mirobod tumani ma'muriy sudiga murojaat qildi. Sud uning arizasini qanoatlantirdi.

5 dekabr kuni Kun.uz Mirobod tumanida tadbirkorning bino-inshootlari nizo Oliy sudda ko‘rilayotganiga qaramay shoshilinch tarzda buzib tashlangani haqida xabar bergan edi.

Unda Toshkent shahar Mirobod tumanida faoliyat yurituvchi «Ulfat» xususiy korxonasi direktori Shohista Mahmudova Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudining qarori asosida mulki shoshilinch ravishda buzilganini, bunda Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat bergani inobatga olinmaganini aytgan bo‘lsa, Majburiy ijro byurosining Mirobod tumani bo‘limi davlat ijrochisi Davron Kirgizov sudning hal qiluv qarorida ijro harakatlari darhol amalga oshirilishi belgilangani hamda Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat berilgani ijro harakatlarini to‘xtatish uchun asos hisoblanmasligini ta'kidlagandi.

Tadbirkorning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ijro harakatlari boshlangach, u Mirobod tumani ma'muriy sudiga ariza bilan murojaat qilib, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Mirobod tumani bo‘limi mansabdor shaxslarining o‘zi rahbarlik qilayotgan «Ulfat» xususiy korxonasiga tegishli 1346 m2 yer maydonida joylashgan qurilmalarni buzish bilan bog‘liq xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topish va ijro harakatlarini to‘xtatib turishni so‘ragan.

11 dekbr kuni mazkur ish sudda ko‘rib chiqilib, arizachining dastlabki himoya chorasini ko‘rish haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirilgan.

Sud ajrimida qayd etilishicha, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 92-moddasiga muvofiq ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga ko‘ra ma'muriy ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar arizachining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishining aniq xavfi mavjud bo‘lsa sud dastlabki himoya choralarini ko‘rishi mumkin.

Mazkur normani inobatga olgan holda sud «Ulfat» xususiy korxonasining dastlabki himoya chorasini ko‘rish haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirish, Mirobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi 1346 m2 yer maydonida joylashgan korxona foydalanishida bo‘lgan bino-inshootlarni buzish bilan bog‘liq xatti-harakatlarni to‘xtatib turish to‘g‘risida ajrim chiqargan.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid