Fan-texnika | 09:57 / 13.12.2020
12229
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Xitoyning kiberxavfsizlik strategiyasi: kim nimani ko‘zlamoqda?

Xalqaro tizimda ko‘plab davlatlar o‘zining kibermudofaa va hujum qobiliyatini oshirish uchun kiberxavfsizlik strategiyasini ilgari sura boshladi va ushbu jarayonlarni davom ettirish uchun bazaviy tuzilmalarni tashkil etdi.

«Anadolu» agentligi muallifi Ali Burakning maqolasida AQSh va Xitoyning kiberxavfsizlik strategiyasiga oid ustuvor maqsadlar haqida so‘z yuritiladi.

Kiberxavfsizlikning muhim ahamiyati

1980-yillar boshida AQShda dastlabki shaxsiy kompyuterlarni ishlab chiqarish ortidan boshlangan internet-texnologiyalarga asoslangan tijorat sovuq urushdan keyingi davrdagi global miqyosli rivojlanishning ilk xabarchisi bo‘ldi.

Internetning ommalashuvi va tijoratlashuvidan so‘ng, 2000-yillarda mobil telefon texnologiyasi shiddat bilan rivojlanib bordi. Bugungi kunda esa tobora keng tarqalib borayotgan zamonaviy smartfonlar hayotning barcha jabhalariga kirib bordi.

Texnologik rivojlanish bilan parallel ravishda, ayni paytda mamlakatlar «muhim infratuzilma» sifatida ta'riflanuvchi davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimlarini tarmoq texnologiyalariga asoslangan innovatsiyalar bilan boshqara boshladilar. Natijada esa muhim infratuzilmalarning kiberxavfsizligini ta'minlash ularning eng ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.

Intellektual inqilob natijasida 1990-yillardan e'tiboran davlatlar kiberdunyo taqdim etgan imkoniyatlardan o‘z harbiy salohiyatlarini rivojlantirish yo‘lida ham foydalana boshladilar. Bu borada xalqaro tizimda global va mintaqaviy kuch maqomida bo‘lgan ko‘plab davlatlar, xususan, AQSh va Xitoy o‘z kiberxavfsizligi va hujum qobiliyatini oshirish maqsadida maxsus strategiyalarni ilgari sura boshladi, ushbu jarayonlarni rivojlantirish maqsadida fundamental tuzilmalar yaratildi. Shundan kelib chiqqan holda, bu ikki davlat samarali kiberxavfsizlik qobiliyatiga ega deb bemalol aytish mumkin.

AQShning kiberxavfsizlik strategiyalari

Sovuq urush tugagach, 1990 yildan boshlab AQSh internetning ommalashuvi va tijoratlashuviga o‘z gegemonligini davom ettirishning vositasi sifatida alohida ahamiyat qaratdi.

Amerika 2000-yillarning boshlariga qadar o‘zining kiberxavfsizlik strategiyasini ayni shu maqsadni ko‘zlagan holda ishlab chiqdi.

2000 yildan keyingi davrda esa Rossiya kiberimkoniyatlarni o‘z harbiy salohiyatini oshirish uchun qo‘llashi, shuningdek, Xitoydan kelib chiqadigan kiber-josuslik tahdidlari ortishi tufayli AQSh ham harbiy va razvedka maqsadlarini shu doirada kengaytirish payiga tushdi.

Ta'kidlash joizki, AQShning kiberxavfsizlik strategiyasini belgilaydigan asosiy hujjatlar mamlakatning tegishli muassasalari tomonidan e'lon qilingan strategik ma'lumotlar, harbiy va xavfsizlik doktrinalaridangina iborat emas.

Federal tizimning natijasi o‘laroq, AQShning kiberxavfsizlik strategiyasi shakllanishida prezident ko‘rsatmalari, tegishli xavfsizlik institutlari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar, shtatlar bo‘yicha tuzilgan kiber strategik rejalar ham katta ahamiyatga ega.

Kiberxavfsizlik strategiyasida AQSh asosan quyidagi maqsadlarga e'tibor qaratadi:

  1. Muhim infratuzilmalarni himoya qilish uchun davlat va xususiy sektorlarning birgalikda harakatlanishiga erishish.
  2. Davlat va xususiy sektorning birgalikda harakat qilish qobiliyatini rivojlantirishga oid rejalarni ishlab chiqish, xususiy sektorni kiber sohadagi vazifalarni bajarishga undash va uni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlash.
  3. Ish beruvchilar va biznes sektorining kiberhujumlarga qarshi «immunitet»ini oshirish, federal darajada ta'lim berish va yo‘naltirishga ahamiyat qaratish.
  4. Rossiyaning kiber qudrati ortidan tug‘iluvchi tahdidlarni yo‘q qilish bo‘yicha rejalar ishlab chiqish.
  5. Xitoyning kiber-josuslik tahdidlarining oldini olish maqsadida texnologik yangiliklarni amaliyotga muttasil joriy qilish va xususiy sektorning tijoriy manfaatlarini himoya qilish uchun zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rish.
  6. Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, ichimlik suvi, aholi sog‘lig‘ini saqlash va favqulodda vaziyatlarga javob berish tizimlari, ijtimoiy ta'minot, axborot va telekommunikatsiya infratuzilmalari, energetika, transport, bank va moliya, kimyo sohasi, pochta tizimlaridagi barcha rasmiy kompyuter, dasturiy ta'minot va tarmoq texnologiyalarini kiberhujumlardan himoya qilish.
  7. Tovar va xizmatlar, g‘oyalar, tadbirkorlar va kapitalning erkin harakatlanishini ta'minlash.
  8. AQSh bilan ittifoqdosh mamlakatlarni beqarorlashtirishga qaratilgan kiberhujumlarga qarshi kurashda ushbu davlatlarni qo‘llab-quvvatlash.

Xitoyning kiberxavfsizlik strategiyalari

Xitoy o‘zining ulkan hududi, ko‘p sonli aholisi va jadal rivojlanayotgan iqtisodiy hamda harbiy infratuzilmasi tufayli so‘nggi yillarda muhim global kuchga aylandi. Shu sababli ham Xitoy hukumatining harbiy, siyosiy, iqtisodiy, texnologik sohalardagi fikrlari, niyatlari va rejalari boshqa davlatlar tomonidan yaqindan kuzatib borilmoqda.

Agar dunyodagi 3,4 milliard internet foydalanuvchisining 721 millioni Xitoyda ekanligini hisobga olsak, ushbu mamlakatning global kiberxavfsizlik strategiyasini belgilashda naqadar katta ahamiyatga egaligi oydinlashadi.

Shuni ham yodda tutish kerakki, Xitoy kiberxavfsizlik bo‘yicha dunyodagi eng katta mutaxassislar jamoasiga ega. Shu bois, u AQSh va Rossiya bilan kiberkosmik makonda hukmronlik qilish pozitsiyasiga erishdi.

Xitoy o‘zining kiber salohiyatidan birinchi navbatda mudofaa va barqarorlikni ta'minlash, shuningdek, kiber-josuslik operatsiyalarini loyihalashtirish yo‘lida foydalanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, uning kiberxavfsizlik strategiyasi asosan iqtisodiy, siyosiy va harbiy maqsadlarga qaratilgan, deb aytish mumkin.

Ushbu maqsadlar esa quyidagilardan iborat:

  • Iqtisodiy o‘sish va barqarorlikka erishish uchun yangi avlod texnologiyalarini kiber-josuslik operatsiyalari doirasida ishlab chiqish.
  • Xitoy kommunistik partiyasining mamlakat ma'muriyatidagi samaradorligini saqlab qolish uchun internetni nazorat qilish va shu orqali mahalliy muxolifat harakatlari, fitnakor guruhlar va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy g‘alayonlarning oldini olish.
  • Tarmoq texnologiyalariga asoslangan axboriy xurujlarga qarshi choralar ishlab chiqish; mamlakatning ichki ishlariga aralashishga qaratilgan har qanday faoliyatga qarshi kurashish.
  • Chet el razvedka xizmatlari tomonidan Xitoyga qarshi rejalashtirilgan kiber-josuslik faoliyatlariga qarshi samarali tuzilmalarni yaratish.
  • Yangi avlod texnologiyalari tomonidan taqdim etilgan imkoniyatlar doirasida harbiy salohiyatni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, potensial dushman harbiy kuchlarining muhim infratuzilmalariga qarshi qaratilgan rejalar ishlab chiqish.
  • Nishonga olingan mintaqa va ma'muriyatlarga qarshi tarmoq texnologiyalariga asoslangan axborot urushi strategiyasini tashkillashtirish.

Albatta, bugun Xitoy ham xuddi Rossiya singari AQShning internetni boshqarishdagi global gegemonligiga barham berishni istaydi. Shuning uchun ham u mazkur maqsad doirasida milliy dasturiy ta'minotni yaratish ustida bosh qotirmoqda.

Xitoy AQSh tomonidan ishlab chiqilgan ijtimoiy media dasturlaridan o‘z yoshlarining foydalanishini nazorat qilmoqda, internet kuzatuvini kuchaytirmoqda, jamoat maydonida wi-fi va VPN dasturlaridan foydalanishni taqiqlamoqda. Tabiiyki, ushbu harakatlari ortidan u AQSh va bir qator G‘arb davlatlari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.

Mavzuga oid