O‘zbekiston | 18:23 / 13.12.2020
12257
4 daqiqa o‘qiladi

«Buni shunday qoldirmaymiz» - Aziz Abduhakimov Tosh hovli devori buzilgani haqida

«Bundan xulosa qilish mumkinki, hozirgi tizim samarali ishlamayapti. Madaniy meros obektlari muhofazasi tizimini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak», – dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Foto: KUN.UZ

Xiva shahridagi Tosh hovli saroyining devori buzilishi O‘zbekistonda madaniy meros obektlari muhofazasi tizimini qayta ko‘rib chiqish kerakligidan darak bermoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari, YuNeSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya raisi Aziz Abduhakimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shu haqda aytib o‘tdi.

Prezidentning Xorazmga tashrifi munosabati bilan shu yerda bo‘lib turgan Abduhakimov Tosh hovli saroyidagi holatni bevosita borib ko‘rgani, masala yuzasidan o‘rganish olib borilayotganini ta'kidladi.

«Albatta, o‘zim shu yerda ekanimdan foydalanib, joyiga borib ko‘rib keldim. Buzgan tashkilot devorda og‘ish bo‘lgani, uni saqlab qolish maqsadida shunday qilgani, aks holda butkul qulab tushib, undan ham ko‘proq zarar keltirishi mumkin, degan fikrlarni aytyapti. Madaniy meros departamenti boshqacha izoh beryapti.

Bu yerda ko‘p savollar ochiq qolyapti. Shunaqa xavf bor ekan, bu nega oldinroq o‘rganilmagan? O‘rganilgan bo‘lsa, nega oldinroq Ilmiy-ekspert kengashiga murojaat qilinmagan? Murojaat qilingan bo‘lsa, nega tezda javob chiqmagan?

YuNeSKO bilan hamkorlik bo‘yicha milliy komissiya rahbari sifatida aytamanki, buni shunday qoldirmaymiz. Hozir jiddiy o‘rganishlar olib borilmoqda. Mana shu masalalarni ko‘tarayotgani uchun OAVga rahmat aytishimiz lozim.

Bundan xulosa qilish mumkinki, hozirgi tizim samarali ishlamayapti. Madaniy meros obektlari muhofazasi tizimini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak.

Biz madaniy meros obektlarini asrab-avaylash va restavratsiya qilishning samarali tizimini yo‘lga qo‘ymasak, turizm yo‘nalishida qilayotgan shuncha ishlarimiz ma'nosiz bo‘lib qolishi mumkin», – dedi Aziz Abduhakimov.

Eslatib o‘tamiz, Tosh hovli devorining bir qismi buzilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalgach, Madaniyat vazirligi buning uchun ilmiy-ekspert kengashidan ruxsat olinmaganini bildirdi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, ta'mirlash-tiklash ishlarini «Ichan-Qal'a» davlat muzey-qo‘riqxonasi buyurtmachiligida «Surgut neft stroy» pudratchi korxonasi amalga oshirgan.

Ammo muzey-qo‘riqxona ilmiy kotibi Komiljon Xudoyberganovning so‘zlariga ko‘ra, devor ta'miri bo‘yicha loyiha hujjatlari ilmiy kengashdan o‘tkazish uchun shu yil avgustda Madaniyat vazirligiga berilgan, ammo oradan 4 oy o‘tsa-da, biror javob bo‘lmagan.

U Kun.uz'ga bergan izohida, vazirlikdan javob kelavermagach, shuningdek, devor parapeti yuqori qismidan 20 santimetrgacha og‘ib, bu jarayon so‘nggi kunlarda tezlashgani sababli ta'mirni boshlashga majbur bo‘lishganini aytdi.

«Rejamizga ko‘ra, devordan olingan g‘ishtlar butunligicha o‘z o‘rniga qaytarib teriladi. Natijada, biz devordagi og‘ishni bartaraf etamiz va uni tik holiga keltiramiz. Devorni buzishdan maqsad shu edi», – dedi «Ichan-Qal'a» davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kotibi.

Mavzuga oid