Jahon | 19:43 / 13.12.2020
9832
4 daqiqa o‘qiladi

Kreml Putinning koronavirusdan himoyalangan bunkerda yashayotganini rad etdi

Foto: globallookpress.com

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya yetakchisining koronavirusdan himoyalangan maxsus bunkerda yashayotgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Uning ta'kidlashicha, Putin hozirda pandemiyagacha kabi Novo-Ogaryovodagi qarorgohida yashamoqda va ba'zida Kremldagi ish joyiga hamda safarlarga chiqib turibdi

Ta'kidlanishicha, oxirgi vaqtda mahalliy va xorijiy OAVda Putin pandemiya vaqtida koronavirusdan himoyalangan maxsus bunkerda yashayotgani haqida ma'lumotlar tarqalgan. Hattoki ba'zi jurnalistlar Putin o‘rniga tadbirlarda uning qiyofadoshi ishtirok etayotgani haqida gapirishmoqda.  

Biroq Peskov bu mish-mishlarni rad etdi va Putin epidemiya boshidan beri o‘z qarorgohida yashayotgani, biroq zarurat yuzaga kelganda Kremlga kelayotgani va hattoki mamlakat bo‘ylab safarlar uyushtirayotganini ma'lum qildi.

Putinning matbuot kotibi bu haqda Nail Asker-zadening “Rossiya 1” kanalidagi “Xavfli virus. Birinchi yil” (Opasnyy virus. Pervyy god) filmi uchun intervyuda ma'lum qildi.  

“Yo‘q, Putin hozir pandemiyagacha yashagan joyi - Novo-Ogaryovada yashamoqda. Putin u yerda yashamoqda, ishlamoqda, u yerdan Kremlga qatnamoqda, o‘zi istagandek ko‘p bo‘lmasa-da, gohida safarlar uyushtirmoqda”, deb ma'lum qilgan Peskov boshlovchining prezident bunkerda yashayotgani va u yerdan ko‘rsatmalar berayotgani haqidagi savoliga javoban.

Peskovning ta'kidlashicha, Putin davlat rahbari xavfsizligini ta'minlash uchun kerak bo‘lgancha koronavirusga test topshirmoqda, uning ixtiyorida shifokorlar, epidemiologlar bor bo‘lib, ular tibbiy nuqtai nazardan prezidentning tadbirlar jadvalini tuzib berishmoqda.

Bundan tashqari, Putin o‘ta zarur holatlarda odamlar bilan ijtimoiy masofani saqlagan holda yuzma-yuz muloqot qilmoqda, biroq bu odamlar Rossiya prezidenti bilan uchrashuvdan oldin testdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. 

Peskovning ta'kidlashicha, Putinning ish tartibini masofaviy shaklga o‘tkazish qarori epidemiologlar talabini hisobga olgan holda qabul qilingan.  

Rossiya prezidenti hozirda o‘z qo‘l ostidagilar bilan asosan videoaloqa va telefon orqali muloqot qilmoqda. Peskovning ta'kidlashicha, uning o‘zi ham anchadan beri prezident bilan shaxsan ko‘rishmagan va u bilan barcha masalalar masofadan hal qilinmoqda.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi pandemiyadan keyin ham Putin o‘tkazadigan yig‘ilishlarning bir qismini vaqtni tejash maqsadida videoanjuman shakliga o‘tkazish mumkinligini aytgan. “Fikrimcha, buning barchasi yakunlanganda, yig‘ilishlarning muayyan bir qismini yo‘lga, odamlarni yig‘ishga, bir joydan ikkinchi joyga harakatlanishga vaqtni ketkazmasdan, video-konferens-aloqa orqali o‘tkazish mumkin”, deb aytgan Peskov.  

Avvalroq Rossiyada koronavirusga qarshi emlash boshlangani, emlash bepulligi va ixtiyoriy tarzda o‘tkazilishi ma'lum qilingandi. Hozircha o‘qituvchilar, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar xodimlari emlanishi mumkin.   

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid