O‘zbekiston | 15:12 / 18.12.2020
10910
2 daqiqa o‘qiladi

«Vazirlik birorta OTMga forma bo‘yicha talab qo‘ymagan» - Farhod Babashev

«Har bir OTMning o‘z ichki tartib-qoidalari bor. Shunga binoan ish ko‘rishadi. Lekin bugungi pandemiya sharoitida forma masalasida nazorat olib borilayotgani yo‘q», – dedi Oliy ta'lim vazirligi matbuot kotibi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Sentyabr oyida maktablar an'anaviy ta'limga qayta boshlagach, pandemiya sharoiti tufayli o‘quv yili oxirigacha o‘quvchilardan qat'iy forma talab etilmasligi belgilangan edi.

Mana bir oydirki, oliy ta'lim muassasalari ham an'anaviy ta'limga qaytdi. Kun.uz muxbiri oliygohlardagi forma masalasida o‘zgarish bor-yo‘qligi yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot kotibi Farhod Babashevga murojaat qildi.

«Forma masalasida oliy ta'lim muassasalari talabalariga erkinlik berilgan. O‘zi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan birorta oliy ta'lim muassasasining oldiga bunday talab qo‘yilmagan. Har bir oliy ta'lim muassasasining o‘z ichki tartib-qoidalari bor. Shunga binoan ish ko‘rishadi. Lekin bugungi pandemiya sharoitida bunday nazorat olib borilayotgani yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent farmatsevtika institutida dekanat tomonidan forma talab qilish holatlari muhokama qilindi. Ma'lumki, tibbiyot oliygohlarida oq xalat va bosh kiyim oldindan talab qilingan. Bu ularning ixtisosligi bilan bog‘liq. Boshqa OTMlarda hozircha bunday e'tirozlar kuzatilmadi», – dedi Farhod Babashev.

Uning qayd etishicha, oliy ta'lim muassasalariga vazirlik tomonidan o‘qishga kostyum-shim, galstukda kelish kerakligi to‘g‘risida qat'iy talab qo‘yilmagan.

Mavzuga oid