Xitoydan buyurtma qilingan yangi elektrovozlarning dastlabki partiyasi yetib keldi
O‘zbekiston 170 mln dollarlik tashqi qarz mablag‘lari hisobidan 30ta yangi elektrovoz xarid qilmoqda. Taqdimotda aytilishicha, yangi poyezdlarning harakatlanish quvvati kuchliroq, boshqaruvi kompyuterlashgan, ekologik va energiya tejamkorlik talablariga javob beradi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida lokomotivlar parkini yangilash loyihasini amalga oshirmoqda.
Kuni kecha Xitoydan O‘zbekistonga 3ta yuk va 1ta yuk-yo‘lovchi lokomotivi hamda ularning ehtiyot qismlari olib kelindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Jamiyat raisi Husniddin Hosilovning aytishicha, loyiha doirasida jami 30 ta elektrovoz olib kelish rejalashtirilgan.
«Bugun O‘zbekiston temir yo‘llarida lokomotiv parkini yangilash loyihalarining yana bir qadami tashlandi. Ya'ni Xitoy Xalq Respublikasi bilan amalga oshirilgan tender savdolari natijasida 30 ta elektrovoz kirib kelishi ko‘zda tutilgan edi.
Xitoyning «Dalyan» zavodi pandemiyaga qaramay elektrovozlarni o‘z vaqtida ishlab chiqardi va birinchi elektrovozimiz mana yurtimizga kirib keldi. Shu yilning oxirigacha 12 ta elektrovoz va keyingi yilning mart oylarigacha 18 ta, jami 30 ta yangi elektrovoz kirib keladi. Shundan 22 tasi yuk tashishga mo‘ljallangan, qolgan 8 tasi yo‘lovchi vagonlarini tashish uchun mo‘ljallangan elektrovozlardir», – dedi Hosilov.
U elektrovozlar kutilganidan ancha arzonroqqa sotib olinganini aytib o‘tdi.
«Tender savdolarida 24 ta elektrovoz olishimiz kerak edi. Xitoy ishlab chiqaruvchilari juda ham arzon narxda bergani sababli biz mablag‘imizga 30 ta elektrovoz olish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Masalan, bitta yuk elektrovozi 5 mln 100 ming dollar bo‘ladigan bo‘lsa, u ikkita kuzovdan iborat. Ya'ni bitta kuzovning o‘zi 2,5 mln dollar bo‘ladi. Bu – dunyo bozorida juda ham arzon hisoblanadi», – dedi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ raisi.
Ta'kidlanishicha, elektrovozlar ekologik jihatdan xalqaro talablarga javob beradi va asinxron tortish elektr dvigatellari bilan jihozlangan. Lokomotivlarda qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalar elektr energiyasini tejash va yoqilg‘i sarfini kamaytirish imkonini beradi.
Poyezdlar tog‘li hududlarda harakatlanishga moslashgan: yuk tashuvchi elektrovozlar 14 600 KVt, yo‘lovchi elektrovozlar esa 9600 KVt quvvatga ega.
«Bu poyezdning boshqa poyezdlarga qaraganda kuchlanish darajasi ikki barobar yuqori. Tezligi 120 km soatgacha ruxsat etilgan. Bu ikkita seksiyali elektrovozlar tog‘li hududlarga mo‘ljallangan. Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlari bo‘yicha yuradi.
Qulayligi haqida gapirsam, elektrovoz kompyuter rejimida ishlaydi. Qayerida nozoslik bo‘lsa, monitorda ko‘rinadi», – deydi «O‘zbekiston» lokomotiv deposi mashinisti Ma'mur Mirxo‘jayev.
Elektrovozlarni Xitoyning China Railway Rolling Stock Corporation xolding davlat kompaniyasi (CRRC Group) yetkazib bermoqda.
Loyiha uchun 2019 yilda OTBdan 170 million dollar kredit olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan edi.
Bugungi kunda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning lokomotiv parkida mavjud lokomotivlarning 50 foizdan ortig‘i yangilangan.
Yo‘lovchi vagonlari parkini 2025 yilgacha 70–80 foizga yangilash rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
10:31 / 28.07.2023
Toshkent viloyatida elektrovoz yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketdi
17:34 / 02.03.2022
O‘zbekistonga Xitoydan yangi elektrovoz keltirildi
09:27 / 12.12.2020
O‘zbekistonga Xitoydan 30ta elektrovoz olib kelinadi
08:11 / 29.08.2020